Nuroniy otaxon va onaxonlarimiz oila davrasida, Haj va Umra ziyoratlarida shukronalik duolarini qilayotgani, bizga kuch va gʻayrat bagʻishlamoqda — Prezident
Foto: president.uz
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasi boshlandi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Davlatimiz rahbari pandemiya, dunyodagi chuqur iqtisodiy va siyosiy inqirozlar, ziddiyatlarga qaramasdan, xalqimizning qahramonlarcha mehnati bilan erishilgan ayrim yutuqlarni aytib oʻtdi. Jumladan:
— yalpi ichki mahsulot hajmi ilk bor 80 milliard dollardan oshdi (2018-yilda 52 milliard dollar boʻlgan);
— iqtisodiyotimizga shu yilning oʻzida 8 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar kirib keldi, eksportimiz esa 19 milliard dollarga yetdi (2018-yilda 14 milliard dollar boʻlgan);
— bu yil tariximizda ilk bor pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori minimal isteʼmol xarajatlaridan kam boʻlmagan darajaga olib chiqildi.
Prezident ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdorini, aholi jon boshiga daromadlarni oshirish siyosati izchil davom ettirilishini taʼkidladi.
Shuningdek:
— oxirgi olti yilda mamlakatimiz boʻyicha qariyb 300 mingta yoki avvalgi yillarga nisbatan 10 barobar koʻp uy-joylar qurildi;
— bu davrda qoʻshimcha 500 ming oʻquvchi oʻrni yaratilib, ularning jami soni 5 million 300 mingga yetdi. Hozirgi vaqtda yana 1 million 200 ming oʻquvchi oʻrni yaratish boʻyicha ishlar jadal davom ettirilmoqda;
— bu yil 381 nafar sportchimiz Jahon va Osiyo musobaqalarida, 43 nafar iqtidorli va bilimdon yoshlarimiz nufuzli xalqaro fan olimpiadalari hamda tanlovlarida sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritdi.
“Nuroniy otaxon va onaxonlarimiz oila davrasida, Haj va Umra ziyoratlarida shukronalik duolarini qilayotgani, bizga kuch va gʻayrat bagʻishlamoqda”, — dedi Prezident.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring