Nurobod tumanida yangi ijtimoiy soha obyektlari foydalanishga topshirildi

17:13 06 Dekabr 2023 Jamiyat
199 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Nurobod tumanida Oʻzbekiston Respublikasi konstitutsiyasining 31 yilligi arafasida foydalanishga topshirilgan qator yangi ijtimoiy soha obyektlari ham bayramga munosib tuhfa boʻldi.

Jumladan, tumandagi “Chorvador” mahalla fuqarolar yigʻinining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan boʻlib oʻtgan tadbirda tuman hokimligi, sektor rahbarlari, mahalla faollari, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, mahalla instituti faoliyatini yanada rivojlantirish, uni eng xalqchil tuzilmaga aylantirish borasida qator ishlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi.

Mazkur mahalla fuqarolar yigʻini binosi namunaviy loyihalar asosida 465 million soʻm mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan qurilgan boʻlib, binoda barcha sharoitlar yaratilgan. Jumladan, zaruriy mebel, kompyuter jamlanmalari va boshqa vositalar bilan taʼminlangan.

Tumandagi Agʻron oilaviy shifokorlik punktida ham yangi binoning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Agʻron OSHP tuman markazidan 45 kilometr olisda joylashgan boʻlib, Agʻron va Navbahor mahallalaridagi 6140 nafar fuqaroga birlamchi tibbiy sanitariya yoʻnalishida xizmat koʻrsatib kelmoqda. Shifo maskanining eski binosi 1992-yilda hashar yoʻli bilan qurilgan boʻlib, bugungi kunda taʼmirtalab holatga kelib qolgan edi. Yangi bino esa zamonaviy loyiha asosida 1 milliard 600 million soʻm mablagʻ evaziga qurib bitkazildi va unda barcha qulayliklar yaratildi.

Tumanning Oʻrtaboʻz mahallasida joylashgan 28-umumtaʼlim maktabida esa 180 oʻrinli qoʻshimcha yangi bino qurilib, foydalanishga topshirildi. Ushbu maktabning eski binosi 320 oʻringa moʻljallangan boʻlib, oʻquvchi sonining koʻpligi bois darslar ikki smenada oʻtilsa ham xonalar yetishmasdi. Yangi binoning qurilishi bu kabi muammolarga barham berdi.

— Taʼlimga koʻrsatilayotgan bunday eʼtibordan xalqimiz ham oʻquvchilarimiz va oʻqituvchilarimiz ham mamnun, — deydi 28-umumtaʼlim maktabi direktori Muxtor Esonov. — Yaratilgan sharoitlardan foydalanib, jamoamiz bilan kelgusida yoshlarga yanada kengroq bilim berishga va davlatimiz rahbarining bizga bildirayotgan ishonchini oqlashga harakat qilamiz.

Nurobod tumanining “Girdiqoʻrgʻon” mahallasida bugungi kunda maktabgacha taʼlim yoshidagi 3-7 yoshli bolalar soni 430 nafarni tashkil qiladi. Mahallada yangi tashkil etilgan 27-davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining ish boshlashi ham barcha uchun bayramga munosib sovgʻa boʻldi.

Mahallada 4 milliard 690 million soʻm Respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan zamonaviy 90 oʻrinli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining binosi qurib bitkazildi.

Tumanning “Buloqboshi” mahallasida ham yangi tashkil etilgan zamonaviy 28-davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Mahalla fuqarolar yigʻinida bugungi kunda 1 ta oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti mavjud boʻlib, maktabgacha taʼlim yoshidagi 3-7 yoshli bolalar soni 151 nafarni tashkil qiladi.

Mahallada qurib bitkazilgan 90 oʻrinli zamonaviy davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti binosiga respublika byudjeti hisobidan 4 milliard 690 million soʻm mablagʻ sarflandi.

Yangi tashkil etilgan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari zamonaviy mebellar, oʻquv-uslubiy, didaktik materiallar, rivojlantiruvchi oʻyin va oʻyinchoqlar bilan ham toʻliq jihozlangan.

Yana bir ahamiyatli jihati mazkur maktabgacha taʼlim tashkilotlarining har birida 20 tadan 40 yangi ish oʻrinlari yaratildi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер