Nukusda test sinovlari uchta obyektda boshlandi
Bugun Qoraqalpogʻiston Respublikasi yoshlari hayotida ham muhim kun. Oliy taʼlim muassasalariga eltuvchi test imtihonlarining “startup”i. “Turon” markaziy stadioni, Qoraqalpogʻiston bolalar va oʻsmirlar futbol akademiyasi oʻyingohi, Respublika oʻyin turlari va yengil atletika boʻyicha ixtisoslashtirilgan bolalar va oʻsmirlar sport maktabi tennis kortida oʻtkazilayotgan test imtihonlarining birinchi smenasida abituriyentlar oʻz bilimini sinovdan oʻtkazmoqda.

Joriy oʻquv yili uchun Qoraqalpogʻistonda 82 ming 397 abituriyent onlayn tarzda hujjat topshirdi. Shundan 70482 abituriyent test sinovlariga, 11915 nafari esa ijodiy imtihonda qatnashadi.
Tayanch test obyektlari hisoblangan “Turon” markaziy stadionida 2 sektor boʻlib, 1-smenada 1800 abituriyent, Qoraqalpogʻiston bolalar va oʻsmirlar futbol akademiyasi oʻyingohida 780 va Respublika oʻyin turlari va yengil atletika boʻyicha ixtisoslashtirilgan bolalar va oʻsmirlar sport maktabi tennis kortida 420 abituriyentning test topshirishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Har bir abituriyent uchun 6 kvadrat metrlik joy ajratilgan. Shu bilan birga, abituriyentlarga tibbiy niqoblar, qoʻlqop, ruchka va ichimlik suvlari bepul tarqatilmoqda. Testning adolatli oʻtishini taʼminlash maqsadida stadionlarga 360 gradusli radiusga ega videokuzatuvlar ham oʻrnatilgan. Tumanlardan test markazlariga bepul avtobuslar harakati yoʻlga qoʻyildi.
Qumar BEGNIYAZOVA
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring