Normalarni qoʻllashdagi noaniqliklar bartaraf etiladi
Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi yigʻilishida dastlab “Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi qizgʻin muhokama qilindi.
Yigʻilishda taʼkidlanganidek, respublika aholisini toza ichimlik suvi bilan taʼminlashni tubdan yaxshilash, ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish boʻyicha xizmatlar sifatini oshirish, ichimlik suvi resurslaridan oqilona foydalanish, shuningdek, ichimlik suvidan foydalanishni davlat tomonidan nazorat qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Lekin ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish bilan bogʻliq normativ-xuquqiy xujjatlarda asosiy tushuncha va atamalarning turlicha qoʻllanilishi amaliyotda ayrim noaniqliklarni keltirib chiqarmoqda.
Deputatlar tashabbusi bilan ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi bilan 7 ta kodeks va 8 ta qonunda foydalanilgan turli tushuncha va atamalarni “Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish toʻgʻrisida”gi Qonunda qoʻllanilgan yagona shaklga moslashtirish taklif etilmoqda. Ushbu qonun loyihasi ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasiga oid normalarni qoʻllashdagi noaniqliklarni bartaraf etish, sohani yanada rivojlantirish imkonini beradi.
Majlisda loyihani yanada takomillashtirish maqsadida bir qator takliflar bildirildi va mazkur qonun loyihasi deputatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.
Yigʻilishda shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2022-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti koʻrib chiqilib, maʼqullandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring