Noqonuniy koʻmir savdosining oldi olindi

08:17 21 Oktyabr 2020 Jamiyat
974 0

Kuz-qish mavsumi yaqinlashishi bilan koʻmir savdosiga “jon kiradi”. Bu yaxshi, albatta! Boisi, tadbirkorlarning saʼy-harakati bilan qahraton qishdan ham eson-omon chiqib olamiz. Biroq, mana shunday vaziyatdan unumli foydalanib qolishga harakat qiladigan ayrim yurtdoshlarimiz ham borki, ular oʻzlarining noqonuniy savdo faoliyati bilan mahsulot taqchilligini yuzaga keltiribgina qolmasdan, narx-navoning ortib ketishiga ham sababchi boʻladilar. Shu bois Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan bu kabi harakatlarning oldini olish, isteʼmolchilar manfaatini himoya qilish borasidagi nazorat tadbirlari boshlab yuborildi. Jumladan, Jalaquduq tumanilik Hamidillo Mirzayevning amaldagi tartiblarga zid boʻlgan harakatiga chek qoʻyildi. Uning «Gʻozicheki» mahallasi hududida davlat roʻyxatidan oʻtmagan holda, savdo qoidalariga amal qilmay 26 million 710 ming soʻmlik 24 tonna koʻmirni sotayotgani aniqlandi. Huquqbuzarga nisbatan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, savdoga qoʻyilgan 24 tonna koʻmir mahsuloti vaqtinchalik daliliy ashyo sifatida olib qoʻyildi.

Mamlakatimizda koʻmir savdosini tashkil etuvchi tadbirkorlar safining ortishidan eng avvalo, isteʼmolchilar manfaatdor. Biroq, ularning huquqiy manfaatlari buzilishiga ham yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Shunday ekan, bu borada eng avvalo, noqonuniy harakatlarni bartaraf etish maqsadga muvofiqdir.

Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер