Noqonuniy xatti-harakatlarga barham berilmoqda
Foto: «Xalq soʻzi»
Bugun Yer yuzining aksariyat hududlarida toza ichimlik suviga boʻlgan ehtiyoj muammoligicha qolmoqda. Mutaxassislarning maʼlum qilishlaricha, kelgusi 50 yil davomida bu masala oʻz dolzarbligini yoʻqotmaydi. Bu esa suvdan unumli foydalanish, behuda sarflamaslikni talab etadi. Mamlakatimizda ham bu borada muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Andijon suv taʼminoti” MCHJ tomonidan suvni tejash, undan noqonuniy foydalanish holatlariga qarshi nazorat tadbirlari boʻlib oʻtmoqda.
— Andijon shahrida boʻlib oʻtgan tadbir davomida 80 ta avtomobillarni yuvish shoxobchalarida suvdan foydalanish holatlari tahlil qilindi, — deydi “Andijon suv taʼminoti” MCHJ Andijon shahar filiali rahbari Xusanboy Obidjonov. — Natijada 67 ta maskanlarda artezian suvi oʻrniga toza ichimlik suvidan foydalanilayotganligi aniqlandi. Shuningdek, 4 ta holatda noqonuniy xatti-harakatlar qayd etildi. Hozirgacha jami 67 ta shoxobchalar toza ichimlik suvidan foydalanayotganligi sababli tarmoqdan uzildi. Tadbir davomida, shuningdek, mavzuga doir targʻibot ishlari ham olib borilyapti.
Bugungi kunda Andijon viloyatida jami 459 ta avtomobillarni yuvish shoxobchasi mavjud boʻlib, ularning 296 tasi artezian suvidan foydalanishi kerak boʻlgani holda, amalda 190 tasi noqonuniy ravishda toza ichimlik suvi tarmogʻiga ulangan. Salbiy xatti-harakat sodir etgan shoxobcha masʼullari jamiyat tomonidan ogohlantirilib, suvdan amaldagi tartib boʻyicha foydalanishi nazoratga olindi. Bu kabi tartiblar isteʼmolchilarga oʻz vaqtida sifatli xizmat koʻrsatishni taʼminlash bilan bir qatorda aholining toza ichimlik suviga boʻlgan ehtiyojini qondirish imkonini beradi.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring