«Nonvoyxonadagi muammoni 300.000 soʻm bilan «yopvoradigan» xodimning FVV hech qanday aloqasi yoʻqligi maʼlum qilindi
Joriy yilning 21-may kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali «Nonvoyxonadagi muammoni 300.000 soʻm bilan «Yopvoradigan» xodim kim boʻldi ekan-a?!» sarlavhasi ostida xabarlar tarqaldi.
Mazkur xabar yuzasidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi xavfsizlik qoidalari buzilganligi uchun taʼmagirlik yoʻli bilan pul talab qilgan shaxsning FVVga hech qanday aloqasi yoʻqligini maʼlum qildi.
«Shu bilan birgalikda quyidagilarga alohida eʼtibor qaratish lozim:
- xonadoningizga kelib, oʻzini FVVning quyi tizimlariga oʻxshash tashkilotlar nomlari bilan tanishtirgan shaxslardan, birinchi navbatda, oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjat(xizmat guvohnomasi)ini taqdim etishini soʻrang;
- guvohnomada yozilgan mansabdor shaxsning harbiy unvoni va lavozimini eslab qoling, kiyim-bosh va maxsus belgilariga eʼtibor bering, agarda mansabdor shaxsning xatti-harakatlari Sizda shubha uygʻotsa, vazirlikning “1101” ishonch raqamiga qoʻngʻiroq qiling;
Maxsus-formali kiyim-bosh kiyib yurgan yoki shu kiyimga juda oʻxshash kiyimdagi shaxslar tomonidan oʻzlarini «davlat yongʻin nazorati organi («pojarnыy») xodimi» sifatida tanishtirib, toʻlov undirish holatlariga duch kelsangiz, darhol huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat eting» deyiladi FVV axborot xizmati xabarida.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring