Nomaʼlum shaxs Olmaota aeroporti xodimasini pichoq bilan garovga oldi (+video)
Ijtimoiy tarmoqlarda Qozogʻistonning Olmaota aeroportida pichoq bilan qurollangan shaxs aeroport xodimasini garovga olgani aks etgan video tarqaldi.
Maʼlum boʻlishicha, mazkur voqea bugun, 7-mart kuni soat 12:00 atrofida aeroportning ichki terminalida sodir boʻlgan.
Olmaota aeroporti maʼmuriyati izohiga koʻra, pichoq bilan qurollangan erkak oʻzini yoʻlovchi sifatida koʻrsatib, parvoz oldidan xavfsizlik zonasiga yaqinlashgan. Aeroport xodimlari undan hujjatlarini koʻrsatishni soʻrashganida, erkak toʻsatdan xavfsizlik xodimini ushlab olib, pichoq bilan garovga olgan.
Ushbu holat 7 daqiqa davom etib, hudud politsiyasi hamda aviatsiya xavfsizligi xodimlari tomonidan qurolli shaxs zararsizlantirilgan. Hozirda ushbu shaxs hibsga olingan va holatga nima sabab boʻlgani oʻrganilmoqda.
Tarmoqlarda tarqalgan videolardan koʻrish mumkinki, qurollangan shaxsning oldiga bir fuqaro borib, undan aeroport xodimini qoʻyib yuborishini, oʻrniga oʻzini garovga olishni taklif qilgan. Qurollangan shaxs bunga koʻnmagach, fuqaro jonbozlik koʻrsatib uni qurolsizlantirishga muvaffaq boʻlgan.
Mazkur voqeadan xabar topgan mamlakat prezidenti Qosim-Jomart Toʻqayev jinoyatchini zararsizlantirishda jasorat koʻrsatgan fuqaroni davlat mukofoti bilan taqdirlashga tavsiya qilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring