Nogironlikni belgilash tizimi takomillashtiriladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironlikni belgilash tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Qayd etilishicha, qarorga koʻra, nogironlikni belgilashning 2024-yil 1-sentyabrdan Toshkent shahri va Navoiy viloyatining tuman (shahar)larida bosqichma-bosqich eksperiment tariqasida, 2025-yil 1-sentyabrgacha respublikaning qolgan hududlarida, fuqarolarga nogironlikni belgilash boʻyicha YAIDXP (my.gov.uz), “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari yoki ijtimoiy xodimlar orqali oilaviy shifokorlarga murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.
Bundan tashqari, tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi (TIEK) koʻrigi uchun fuqarolarning tibbiy hujjatlarini yoʻllash oilaviy shifokorlar tomonidan elektron tarzda amalga oshirilishi, “Inson” markazlari xodimlari tomonidan 18 yosh va undan katta shaxslarning funksionalligini baholash tartibi joriy etiladi. Bunda baholash natijalari 2025-yil 1-sentyabrgacha nogironlikni belgilash uchun asos hisoblanmasligi, shaxs sogʻligʻining holatiga koʻra “Inson” markazlariga borish imkoniga ega boʻlmaganda sogʻligʻining holati va funksionallikni baholash shaxsning uyida yoki davolanishda boʻlgan statsionarda oʻtkazilishi belgilanmoqda.
Maʼlum boʻlishicha, 2024-yil 1-oktyabrdan ixtisoslashtirilgan (psixiatriya, ftiziatriya va pulmonologiya, pediatriya) TIEKlar tomonidan nogironlikni belgilash tartibi bekor qilinib, nogironlik tumanlararo va tuman (shahar) TIEKlar tomonidan belgilanadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring