Nogironligi boʻlgan shaxslar ishlari boʻyicha Idoralararo kengashning vazifasi nima?
Ayni kunlarda parlament quyi palatasida bir qator qonun loyihalari maromiga yetkazilmoqda. Xususan, “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi deputatlar, soha vakillari, ekspertlar tomonidan qizgʻin muhokama qilinmoqda.
Qonun loyihasida nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish sohasida bugungi kun talablari, xalqaro standartlar eng muhimi ushbu shaxslarning manfaatlarini aks etyapti.
Shu oʻrinda qonun loyihasiga kiritilayotgan ayrim yangi normalar haqida soʻz yuritsak. Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini taʼminlashda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining vakolatlari qonunda belgilab qoʻyilmoqda.
Bunda Vazirlar Mahkamasi ularning huquqlarini taʼminlashda yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlash, bu boradagi davlat dasturlarini ishlab chiqishi, tasdiqlashi hamda amalga oshirilishini taʼminlash, ushbu sohadagi ishlar yuzasidan davlat organlari faoliyatini nazorat qilish kabi vakolatlarni amalga oshirishi belgilanmoqda.
Yana bir yangilik. Nogironligi boʻlgan shaxslarning ishlari boʻyicha Idoralararo kengash faoliyati ham qonunda oʻz aksini topmoqda. Saylovchilarda savol tugʻilishi mumkin. Idoralararo kengash qanday tashkil etiladi, tarkibida kimlar boʻladi, faoliyati nimadan iborat, uni tashkil etish qanchalik zarur?
Ushbu savollarga qonun loyihasidan javob izlaymiz.
Unga koʻra, nogironligi boʻlgan shaxslarning ishlari boʻyicha Idoralararo kengash, uning Nizomi va shaxsiy tarkibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etilib, tasdiqlanadi. Uning tarkibiga nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarining taʼminlanishini amalga oshiruvchi vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning hamda nogironligi boʻlgan shaxslarning nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari kiradi. Kengash oʻz nomiga koʻra, umuman nogironlik yuzasidan yagona davlat siyosati amalga oshirilishi boʻyicha davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirishi koʻrsatilgan.
Shuningdek, Idoralararo kengashning nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini taʼminlash masalalari haqidagi qarorlari barcha davlat boshqaruvi organlari va joylardagi davlat hokimiyati organlari tomonidan bajarilishi majburiyligi aks etmoqda. Demak, ushbu muvofiqlashtiruvchi, ixtisoslashgan, yagona tizim boʻlmaganligi hamda qabul qilinadigan qarorlari barcha idoralar uchun majburiy boʻlishidan kelib chiqsak Idoralararo kengash tashkil etilishi zarur boʻladi.
Shu bilan birga, qonun loyihasiga Nogironligi boʻlgan shaxslarning nodavlat notijorat tashkilotlari (misol uchun Oʻzbekiston Nogironlar Assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston Karlar jamiyati, Oʻzbekiston Koʻzi ojizlar jamiyati va b.q.) haqida alohida modda kiritilmoqda. Unda belgilanishicha, mazkur nodavlat notijorat tashkilotlar — nogironligi boʻlgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlarning tegishli turlarini koʻrsatish samaradorligini baholashda, sohada ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlarga takliflar kiritishda, vakolatli davlat organlari bilan birgalikda sport, maʼrifiy va madaniy-ommaviy tadbirlarni tashkil etish yoʻli bilan ishtirok etishga haqlidir.
Umuman, ushbu qonunning qabul qilinishi nogironligi bor shaxslarning hayotlari davomida duch keladigan koʻplab masalalar masalan, ijtimoiy infratuzilmadan foydalanish, xizmatlar, ish bilan taʼminlanishining yaxshilanishi, eng asosiysi ularning ijtimoiy muhofazasi samarali boʻlishi, shubhasiz.
Firdavs SHARIPOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi aʼzosi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring