Nodirbek TILAVOLDIYEV: Karantindan qochib qayerga boramiz?

17:51 04 Aprel 2020 Siyosat
1337 0

Koronavirus pandemiyasi butun dunyo hamjamiyatini larzaga solishda davom etmoqda. Bugungi kunda barcha davlat va hukumat rahbarlarining kun tartibidagi asosiy vazifa pandemiyaga qarshi samarali kurashni tashkil etish orqali uning keng tarqalishi oldini olish, aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, narx-navoni barqaror ushlab turish, ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalarni va iqtisodiyotimizning qon tomiri boʻlgan tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash etib belgilangan.

Ushbu baloga qarshi kurashish faqatgina Prezident va hukumatning vazifasi, kasallik meni va mening oilamni chetlab oʻtadi, deb fikrlaydiganlar qattiq yanglishadi. Yagona va eng toʻgʻri yoʻl hukumat, har bir fuqaro, tadbirkorlik subyektlari va jamoatchilikning bir tanu bir jon boʻlib, ushbu kasallikka qarshi mardonavor kurashishidir. Qatʼiy intizom, masʼuliyat, sabr-toqat, jipslik va fidoyilik bilan xitoyliklar ushbu baloni yengish mumkinligini amalda isbotlab berdi. Singapur, Janubiy Koreya va Yaponiya xalqining ham metin irodasi, gigiyenaga asoslangan kundalik turmush tarzi, hukumat tomonidan qabul qilingan qonun va talablarga hurmat, itoatkorlik mazkur davlatlarda pandemiyani jilovlash imkonini berdi.

Afsuski, odamlarning tibbiy choralarga masʼuliyatsizligi va hukumat tomonidan pandemiyaga qarshi kurashish ishlarining toʻgʻri tashkil etilmagani oqibatida dunyoning mana man degan eng rivojlangan davlatlarda ham ayanchli holatlarga guvoh boʻlmoqdamiz.

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan epidemiologik vaziyatni jilovlash va aholi salomatligini himoya qilish boʻyicha barcha chora- tadbirlar amalga oshirilmoqda. Oxirgi bir oyda Prezidentimizning pandemiyaning iqtisodiyotimizga salbiy taʼsirini yumshatish va barcha aholi qatlamlarini muhofaza qilishga qaratilgan, keng qamrovli 3 ta Farmoni, bir nechta qarori qabul qilindi.

Xoʻsh, biz fuqarolar Prezidentning, hukumatning jon kuydirib, qilayotgan saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlab, munosib hissa qoʻsha olyapmizmi?

Ming afsuski, olib borilayotgan tushuntirish va ogohlantirish ishlariga qaramay, baʼzi bir fuqarolar tomonidan virusning qanchalik xavfli ekanini tushunib yetmayapti, koronavirusga qarshi kurashish komissiya qaror va talablarga masʼuliyatsizlik bilan yondashmoqda. Karantin qoidalarini buzish, karantinda saqlanayotgan hududdan qochib ketish, ommaviy tadbir oʻtkazilishini hali ham davom etishini qanday izohlash mumkin?

Baʼzi hollarda odamlarning, jamiyat aʼzolarining ham bir-birlariga boʻlgan munosabati kishini oʻylantirib qoʻymoqda. Bunday murakkab vaziyatda bir-biriga tasalli berish oʻrniga, koʻngilni xira qiladigan ishlar qilinmoqda. Afsuski, fuqarolarimiz karantin soʻzi mohiyatini toʻliq tushunib yetmayapti. Karantinda saqlanayotgan fuqarolar va ularning oila aʼzolariga “viruslar” deb nom qoʻyib, mahalla-koʻyda ularning obroʻsiga putur yetkazib, nojoʻya gaplar tarqatish holatlari ham uchrab turmoqda. Vaholanki, bugungi kunda kasallik tarqalishini oldini olish uchun 100 mingdan ortiq fuqaro karantinga olingan. Fuqarolarimiz karantinga olinish bu inson kasallangan degan maʼnoni anglatmasligini, faqatgina ehtiyot choralarini koʻrish maqsadida muayyan muddatga izolyatsiya qilish holati ekanini yaxshi tushunib yetishimiz kerak.

Shu oʻrinda baʼzi bir karantinda saqlanayotgan noshukur fuqarolar ularga davlatimiz tomonidan barcha sharoitlar aʼlo darajada yaratib berilganiga qaramasdan, nohaq karantinga olinganliklarini vaj qilib, oʻz hayotini xavf ostiga qoʻyib, fidokorona mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlariga qoʻpol munosabatda boʻlishmoqda.

Yuqoridagi kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida kasalligi aniqlanmasdan turib, notoʻgʻri maʼlumot tarqatib, insonlarning obroʻ va shaʼniga putur yetkazuvchi gʻalamis kimsalar bugungi kunning haqiqiy qahramonlari hisoblanmish shifokorlarni haqorat qiluvchi noshukur fuqarolarni insofga chaqirib qolaman. Yuqoridagi holatlar sodir etilishi koʻpaygan taqdirda, bunday fuqarolarga nisbatan jazo choralarini qoʻllash ham maqsadga muvofiq boʻladi, deb hisoblayman.

Mana, men, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatiman. Poytaxtdan viloyatga kelishimiz chogʻida samolyotda biz bilan uchib kelgan yoʻlovchilardan birida koronavirus borligi gumon qilinib, karantinga olindi. Tabiiyki, oʻsha yoʻlovchi bilan birga, bizni — boshqa yoʻlovchilarni ham karantinga olishdi. Mana, oʻn besh kun karantinda boʻldik biz ham. Shukrki, hech qanday virus aniqlanmadi, xavf-xatar oʻtkinchi boʻlib chiqdi.

Lekin karantin qoidalarini buzmadik, nima talab qilinsa, boʻysundik, avvalo, bularning barchasi oʻzimizning sogʻligʻimiz, xavfsizligimiz uchun ekanini ongli ravishda anglab turdik.

Axir inson karantindan qochib, qayerga boradi?

Muqaddas dinimizda barcha yaxshilik va yomonliklar Olloh xohishi bilan amalga oshishi aytib oʻtilgan. Albatta, bugungi qiyin va sinovli kunlar ortda qoladi. Shunday murakkab vaziyatda qilgan yaxshi amallarimiz, mehrimiz va saxovatimiz tarixda qoladi.

Nodirbek TILAVOLDIYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер