Noanʼanaviy sayyor sud majlisi targʻibot tadbirlariga ulanib ketdi

16:39 19 Dekabr 2023 Jamiyat
560 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Jinoyat ishlari boʻyicha Navoiy shahri hamda Karmana tumani sudlarining sayyor sud majlisiga 500 nafarga yaqin yoshlar hamda ularning ota-onalari taklif etildi. Ularning aksariyatini maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etgan, jinoyat koʻchasiga kirgan yoki jinoyat sodir etishga moyilligi bor yoshlar tashkil etadi.

— Shahrimizda yoshlar oʻrtasida oʻgʻrilik, firibgarlik va poraxoʻrlik boʻyicha jinoyatlar 2022-yilga nisbatan birmuncha oshgan, — deydi jinoyat ishlari boʻyicha Navoiy shahar sudi sudyasi Sunnatjon Boltayev. — Shuningdek, spirtli ichimliklar taʼsirida mayda huquqbuzarlik, oilaviy zoʻravonlik kabi maʼmuriy huquqbuzarliklarning koʻpaygani bir qator ishlarni sayyor tartibdagi sud majlisida koʻrib chiqishimizga sabab boʻldi. Maqsad jinoyatga jazo muqarrarligi va huquqbuzarliklar oqibatini katta hayot boʻsagʻasida turgan jinoyatga moyilligi bor yoshlarga koʻrsatishdan iborat.

Sud majlisida spirtli ichimlik taʼsirida kelib chiqqan janjal va gumonlanuvchilarning qilmishi muhokama etildi. Jinoyat ishlari boʻyicha Navoiy shahri hamda Karmana tumani sudlari tomonidan 10 dan ortiq shu mazmundagi ishlar boʻyicha hukm eʼlon qilindi.

Sayyor sud majlisida jinoyat ishlari boʻyicha Karmana tuman sudi tomonidan 12ta mayda bezorilik bilan bogʻliq ish koʻrib chiqildi.

— Shularning ikkitasini oiladagi zoʻravonlik bilan bogʻliq huquqbuzarliklar tashkil etadi, — deydi jinoyat ishlari boʻyicha Karmana tuman sudi raisi Jahongir Karimov. — Bunga yangi tahrirdagi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksining 59-prim 2-moddasi boʻyicha oʻtgan uch oy ichida 6ta shu kabi huquqbuzarliklarning koʻrib chiqilganini qoʻshsak, mazkur huquqbuzarlikning tumanda oshganligi oydinlashadi. Umid qilamizki, bugungi oʻtkazilgan sayyor sud majlisi mazkur huquqbuzarliklarning oldini olishda amaliy profilaktik chora boʻlib xizmat qiladi.

Sayyor sud yakuni bilan ishtirokchilar uchun targʻibot tadbiri tashkil etilib, sudyalar tomonidan yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mazmun-mohiyati,sud-huquq sohasidagi islohotlar, korrupsiya va odam savdosiga qarshi kurashish, bunday jinoyatlar uchun qonunchilikda nazarda tutilgan jazo choralari, shuningdek, inson qadri va haq-huquqlarini himoyalashdagi tadbirlar haqida maʼlumotlar berildi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер