«NKMK» AJ konchilari texnik jihatdan nihoyatda murakkab boʻlgan shaxtada qazish ishlarini yakunladi

15:17 24 Avgust 2022 Jamiyat
738 0

Foto: Xalq so‘zi

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatining Janubiy kon boshqarmasidagi “Zarmitan” sanoat maydonida «Skip» harakatlanadigan shaxtani qazish ishlari yakuniga yetkazilgani munosabati bilan taqdimot tadbiri boʻlib oʻtdi.

Tadbirda «NKMK» AJ Bosh direktori Quvondiq Sanaqulov Mustaqillik bergan imkoniyatlar tufayli ushbu hududda soʻnggi yillarda amalga oshirilgan ishlar, yangi gidrometallurgiya zavodi, konlar, zamonaviy infratuzilma - Zarkent qoʻrgʻoni barpo etilgani, soʻnggi yillardagi misli koʻrilmagan bu oʻzgarishlar hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, konchilar farovon yashashi, yoshlar uchun munosib ish oʻrinlari yaratish, ishlab chiqarish koʻrsatkichlarini oshirishga, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish hamda har yili yangidan-yangi turli obyektlarni foydalanishga topshirishga ulkan imkoniyatlar yaratib berayotganini taʼkidladi.

— Bayram shukuhi kezib yurgan ayni kunlarda Chexiya davlatining “Mine Construction Alliance s.r.o.» kompaniyasi bilan hamkorlikda olib borilgan ikki yillik samarali mehnat mahsuli sifatida nafaqat Oʻzbekiston konchilik sanoatida, balki Markaziy Osiyoda ilk marotaba diametri 6,5 metr va chuqurligi 1000 metr boʻlgan, texnik jihatdan nihoyatda murakkab hisoblangan «Skip» va «Klet» harakatlanadigan shaxtani qazish ishlari oʻz yakuniga yetkazilgani ajoyib sovgʻa boʻldi, — dedi Q. Sanaqulov. — Bu ishlar kombinat oʻz yoʻnalishida taraqqiyot sari ilgarilab borayotganidan dalolatdir.

Ayni paytda keyingi bosqichdagi ishlar davom ettirilmoqda. Loyihani 2023-yil mart oyida toʻliq yakunlash rejalashtirilgan. Bu kelgusida yer qaʼridan har yili 850 ming tonna rudani yuzaga chiqarish imkonini berib, 4-gidrometallurgiya zavodida qayta ishlanadi.

Tadbirda shaxtani qazish ishlarida faollik koʻrsatgan bir guruh faollar “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati maʼmuriyati tomonidan munosib taqdirlandi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер