“NKMK” avtotransport parki yangilanmoqda

18:36 16 May 2023 Jamiyat
625 0

Konchilik sanoatida rudalarni tashish asosan avtoo‘ziag‘dargich(avtosamosval)larda amalga oshirilib, u yaqin-yaqinlargacha muruntovliklarning og‘riqli nuqtalaridan biri edi. Boisi kon chuqurligi yetti yuz metrdan  oshgach, bu yerdagi yuqori harorat va ayni saraton chillasida qilt etgan shamol esmasligi har qanday texnikaning dvigatellarini tezda ishdan chiqarardi.

Shu sabab tarmoqqa samarador hamda iqlim sharoitimizga mos texnikalarni jalb etish har doim NKMK rahbariyatining diqqat markazida bo‘lib, bu borada eng avvalo istiqbolni ko‘zlab ish tutish, ya’ni ekspluatasiya davrida ularning kamxarjligiga alohida e’tibor qaratiladi. Shu asosda “NKMK” AJning Markaziy kon boshqarmasi o‘z avtoparkini yangilashning bugungi bosqichida “Komatsu” og‘ir yuk tashuvchi avtoo‘ziag‘dargichlarini tanlashgan. Mazkur transport vositalarining so‘nggi yillarda takomillashtirilib, cho‘lning injiq iqlimiga moslashtirilganligi bunda muhim omildir.

- 2023 yil birinchi choragida investisiya loyihalari bo‘yicha 8 dona “Komatsu”  karyer va yo‘l qurilishi avtotransport vositalari keltirildi, - deydi Muruntov transport syexi boshlig‘i Qahramon Mirzayev. – Yil yakuni bilan jami oltmishga yaqin texnika keltirilishi rejalashtirilmoqda. Bular to‘qson tonnagacha yuk olish quvvatiga ega avtoo‘ziag‘dargichlar, frontal yuklagichlar, zanjirli va g‘ildirakli buldozer hamda avtogreyderlardan iborat.  

Ta’kidlash joiz, konchilar ega bo‘layotgan ushbu texnikalar nihoyatda yirik gabaritga egaligi sabab, Muruntovgacha bo‘laklangan holda yetkaziladi. So‘ngra ular Markaziy kon boshqarmasiga karashli avtotransport boshqarmasining malakali mutaxassislari tomonidan yig‘ilib, ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi. Ayni kunlarda boshqarmaga keltirilgan konchilik texnikalarining joriy yildagi dastlabki partiyasini yig‘ish ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda.  Muxtasar qilsak, Muruntovda ishlab chiqarish sarf-xarajatlarini kamaytirishga qaratilgan tadbirlarda avtotransportchilar ham ishtirok etishib, ularning samarasi pirovard natija, ya’ni mahsulot tannarxi pasayishida ham o‘z ifodasini topishi shubhasiz. Nainki oltin balki har qanday ishlab chiqarishda ham bu yetakchi omildir.

Temur ESHBOYЕV, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер