Nima sababdan davlat bogʻchalari kechroq ochilyapti?

20:04 05 Iyun 2020 Jamiyat
1506 0

Koronavirusga qarshi kurash boʻyicha Respublika Maxsus komissiyasi sariq va yashil hududlarda, MTT rahbariyati va xodimlari tomonidan zarur xavfsizlik choralarini taʼminlangan holda, ushbu tashkilotlar faoliyatini qayta tiklashga ruxsat berilishi haqida qaror qabul qilgan edi.

Hozirda Maktabgacha taʼlim vazirligi, Respublika Sogʻliqni Saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi Agentligi, xalqaro tashkilotlar, YUNICEF va Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti vakillaridan iborat ishchi guruhi tomonidan MTTlar faoliyatini tiklash borasida qoʻyiladigan talablar tartibini oʻz ichiga olgan nizom ishlab chiqilmoqda. MTTlar faoliyatini tiklash borasidagi tartibi haqida Maktabgacha taʼlim vazirligi oʻzining rasmiy saytida yana qoʻshimcha tarzda maʼlumot beradi.

Talab etiluvchi xavfsizlik choralarini taʼminlab bera oluvchi xususiy MTTlar 2020-yil 15-iyundan faoliyatlarini boshlashlari mumkin.

Ayni damda Maktabgacha taʼlim vazirligi MTTlar faoliyati xavfsizligini taʼminlash maqsadida barcha sharoitlarni yaratish, jumladan, ularda tarbiyalanuvchilar ovqatlanishini tashkil etish uchun oziq-ovqatlarni xarid qilish, himoya vositalarini sotib olish, oʻrnatish va dezinfeksiya qilish, MTT xodimlarini mehnat taʼtilidan ishga chaqirish boʻyicha tegishli rasmiylashtirish boʻyicha tashkiliy ishlarni amalga oshirmoqda.

Hozirgi vaqtda barcha MTT rahbariyati va xodimlari oldidagi eng muhim vazifa- bu bolalar xavfsizligini taʼminlashdir. MTT tarbiyalanuvchilari uchun xavfsiz sharoit yaratish borasidagi ishlarni amalga oshirishga maʼlum vaqt talab etiladi. Vazirlik ayni shu jihatni inobatga olgan holda aholidan vaziyatga toʻgʻri baho berishni soʻragan.

Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan ayni vaqtda ishlab chiqilayotgan jadval asosida davlat MTTlari faoliyati 15-iyundan 1-iyulgacha yoʻlga qoʻyiladi. Ushbu jadval Maktabgacha taʼlim vazirligining rasmiy manbalarida eʼlon qilinadi.

Maʼlumot uchun, hozirda respublikamizda 14181 maktabgacha taʼlim tashkiloti mavjud boʻlib, ulardan 6021 tasi davlat va 8160 tasi esa nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari sanaladi.

Ularda 1 459 301 nafar tarbiyalanuvchi tarbiyalanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер