Nikoh shartnomasi kerakmi?

20:11 26 Noyabr 2021 Jamiyat
1453 0

“Erim bilan ajrashgach, ikki bolam bilan qoldim. Lekin ota uyimda bir yil yashadim, xolos. Ukalarim uylangach, hovli bizga torlik qila boshladi. Alohida uy-joyga esa mablagʻ kerak. Toʻgʻri, sobiq erim zimmasiga aliment toʻlab borish yuklatildi, lekin har oyda beriladigan 300-400 ming soʻm bilan nima ham qila olardim? Agar nikoh shartnomamiz boʻlganida ajrashish paytida maʼlum mulkni ajratib berishardi, farzandlarim ham sarson boʻlmasdi...”, deydi ismi sir qolishini istagan toshloqlik ayol.

Koʻpchilik istamaydi...

– Avvalo, nikoh shartnomasi yozma shaklda, notarial tasdiqlangan holda tuziladi. U muddatli va muddatsiz ham boʻlishi mumkin. Mazkur shartnoma nikoh qayd etilgandan keyingina kuchga kiradi, – deydi Fargʻona tumani 2-son FHDYO boʻlimi mudiri Shahnoza Imomova. – Afsuski, uzluksiz targʻib qilib, tushuntirish ishlari olib borsak ham, aksariyat nikohlanuvchilar ixtiyoriy tarzda mazkur shartnomani tuzishni istashmaydi. Koʻpchiligi shartnoma qonun-qoidalari bilan tanishganda, “Turmushimizni yomon niyatlar bilan boshlaymizmi”, deya istihola qiladi. Baʼzan xorijda oʻqib-ishlovchi yoshlarimizgina tushungan holda nikoh shartnomasiga istak bildiradilar. Lekin bu juda kam uchraydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 6-bobi (Er va xotin mol-mulkining shartnomaviy tartibi)ga nikoh shartnomasi haqidagi moddalar kiritilgan. Jumladan, 29-moddaga koʻra, nikoh shartnomasi – nikohlanuvchi shaxslarning yoki er va xotinning nikohda boʻlgan davrida va (yoki) er va xotin nikohdan ajratilgan taqdirda ularning mulkiy huquq hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuvidir.

Qonunchilikka oʻzgartirish kiritish zarur

– 2021-yilning 10 oyi natijalariga koʻra, viloyatimizda 3 ming 261 ta ajrim qayd etilgan (2020-yilning shu davriga nisbatan 1317 taga oshgan). Raqamlar tahlil qilinganda, Fargʻona, Qoʻqon, Margʻilon shaharlari hamda Soʻx, Quva, Toshloq tumanlarida ajrimlar soni nisbatan yuqori, – deydi Fargʻona viloyati hokimining xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahatchisi, viloyat mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻi birinchi oʻrinbosari Toʻlqinoy Tojiyeva. – Ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar soni ham kishini oʻyga toldiradi: 2564 ta! Joylarda tashkil etilgan Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlarida nikohlanuvchi yigit-qizlarga oila ilmidan yetarlicha bilim berilmayotgani, hatto baʼzi tumanlarda ushbu markazlar faoliyati qoniqarli emasligi asosiy muammolardan biridir. Achinarlisi, noqonuniy, yaʼni sharʼiy nikohda yashayotgan oilalar soni ham kun sayin ortib bormoqda.

Er yigitlar masʼuliyatni esdan chiqarib qoʻymoqda

– Shukrki, bugun oʻzining ibratli hayoti ila barchamizga namuna boʻlayotganlar ham talaygina. Biroq guruch kurmaksiz boʻlmaganidek, oilaning qadri va shaʼnini toptayotgan, nikohning muqaddasligini unutayotganlar ham bor, – deydi Fargʻona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh Abdullayev. – Zero, nikoh bogʻlanishi, yangi oilaning vujudga kelishi Alloh uchun yoqimli bir hol boʻlsa, oilaning ajralishi, nikohning buzilishi esa Uning gʻazabini keltiradi. Paygʻambarimiz sollalohu alayhi va sallam: “Alloh oʻzi ruxsat berib, halol qilgan narsalar ichida oʻzi eng yomon koʻradigani taloqdir”, deganlar.

Afsuski, oxirgi vaqtda nikohga panja orasidan qaraladigan boʻlib qoldi. Kelin butun umrini baxshida qilib, ota-onasi izmidan chiqib, erining izmiga kiradi. Kuyov qizni omonat oʻlaroq qabul qiladi. Boqishi, oʻqitishi, kasal boʻlsa davolatishi, hamma masʼuliyatni oʻz boʻyniga olishi kerak.

Qayd etish lozimki, oilaviy ajrimdan, avvalo, ayol va voyaga yetmagan bolalar aziyat chekmoqda. Ayrim hollarda oiladagi turli kelishmovchiliklar tufayli yosh oila parokanda boʻlib, norasidalarning moddiy taʼminoti, ruhiyati, tarbiyasi, taqdiri, kelajagi savollar ostida qolyapti.

Toʻgʻri, nikoh haqidagi rasmiy guvohnoma olingandan soʻng shariat boʻyicha nikoh oʻqilganda kuyov boʻlmish zimmasiga “Mahr” deb ataluvchi masʼuliyatli vazifa yuklatiladi. Lekin bu vazifani aksariyat er yigitlar toʻydan keyinoq esdan chiqarib qoʻymoqdalar. Aslida, mahr – erning umri mobaynida beriladigan narsa boʻlib, sharoiti koʻtarsa tezroq bersa, yanada yaxshi boʻladi.

Faqat ajrim uchun tuzilmaydi

Nikoh shartnomasida har kim oʻz tasarrufidagi mulkni oʻzi mustaqil boshqarishi mumkinligi belgilab qoʻyilgan. Nikoh bekor qilingan taqdirda har kimning mol-mulki oʻzida qolishi va ikkinchi taraf bu mulkni talab qilishga haqli emasligi haqida band kiritilgan. Bu esa nikoh shartnomasining faqatgina ajrim uchun tuzilmasligini anglatadi.

Nikoh shartnomasi oila mustahkamligining garovi hisoblanadi, nikohning mulkiy huquq va majburiyatlarini zimmasiga olib, imzo chekkandan keyin har ikki tarafning masʼuliyati oshishi tabiiy. Umuman, nikoh sharnomasi oʻzaro ishonch va mustahkam munosabatlar garovidir. Binobarin, oila qurish ostonasida turgan yigit-qizlar nikoh shartnomasi hayotiy zarurat ekanini yoddan chiqarmasliklari lozim.

Hayotjon Boyboboyev,

jurnalist,

Fargʻona viloyati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер