“NazzAR” innovatsion startap loyihasining ilk elektron muzeyi Jizzax shahrida oʻrnatildi

16:12 24 Yanvar 2022 Jamiyat
753 0

Jizzax shaharidagi “Shodlik” MFY hududidagi 15-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabiga “NazzAR” innovatsion startap loyihasining ilk elektron muzeyi oʻrnatildi.

Shu munosabat bilan mahallaga SmartChain IT kompaniyasi direktori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining raqamlashtirish va axborot texnologiyalari boʻyicha vazir maslahatchisi Bobur Rahimov tashrif buyurib, yoshlarga “NazzAR” innovatsion startap loyihasi va uning ahamiyati haqida tushuntirib berdi. Jizzax viloyat innovatsion rivojlanish boshqarmasi boshligʻi Mansur Musayev Jizzax viloyatidagi innovatsion muhit, yoshlar orasida startap loyihalarni har tomonlama takomillashtirish va yanada rivojlantirish strategiyasi toʻgʻrisida, viloyat “Kelajak liderlari” klubi vitse-prezidenti tashabbus hamkori Otabek Musurmonov klub tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, loyihalar haqida yoshlarga batafsil maʼlumot berib oʻtdi. 

Tadbirning eng qiziqarli tomoni shunda boʻldiki, SmartChain IT kompaniyasi direktori Bobur Rahimov “NazzAR” startap loyihasining elektron muzeyini maktabimizga sovgʻa qildi.  Hozirda texnologiyalar shunchalik tez oʻzgaryapti. Aynan shuning uchun ham dunyodagi barcha rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar axborot texnologiyalari sohasiga katta eʼtibor qaratmoqda.

“NazzAR” startap loyihasi har qanday moddiy vositaga kengaytirilgan haqiqat elementlarini birlashtirishi mumkin boʻlgan innovatsion dastur hisoblanadi. 

Smartfon orqali “NazzAR” belgisiga yoʻnaltirilganda mobil qurilma ekranida real obyektlarning 3 D shakllari, video roliklari, foto suratlar jonlanadi. Yurtimizda bugungi kunda “NazzAR” mobil ilovasining imkoniyatlari turizm sohasida, ayniqsa muzeylarda keng qoʻllanilmoqda. Xususan, Samarqanddagi “Goʻri Amir”, “Bibixonim” maqbaralari, Ulugʻbek rasadxonasi, “Afrosiyob” muzeyi, Registon maydoni, Xivadagi «Ichan qalʼa», Buxoroda “Ark” va “Mohi xossa” tarixiy madaniy meros obyektlari, Toshkent shahridagi Temuriylar tarixi Davlat muzeyi, Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi, Abdulla Qahhor, Sergey Borodin, Muxtor Ashrafiy uy-muzeylari va boshqa tarixiy maskanlarda mazkur mobil ilova orqali eksponatlar haqidagi maʼlumotlarni yanada qiziqarli shaklda sayyohlarga yetkazish imkoniyati yaratilgan.

Ha, ilmning darajasi shu qadar ulugʻki, uni qoʻllab-quvvatlaganlar, unga homiylik qilganlar har doim xalq ardogʻida boʻladi. Shu sababdan har birimiz taʼlimning rivojiga oʻz hissamizni qoʻshishimiz lozim. 

Abdulaziz XUJAKOV, Jizzax shahridagi “Shodlik” MFY hokim yordamchisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер