Najot – maktabda, najot – taʼlimda, najot – bilimda

15:41 04 Aprel 2022 Jamiyat
2547 0

Foto: Халқ сўзи

Yaqinda Fargʻona viloyati Qoʻqon shahridagi 8 ta umumtaʼlim maktabi bitiruvchi sinf oʻquvchilari oʻrtasida Qoʻqon universiteti tashabbusi bilan soʻrovnoma oʻtkazildi. Unda oʻquvchi-yoshlar oʻz kelajagini qanday tasavvur etishini, oldida turgan maqsadlarini bayon etdi. Natijaga koʻra, har toʻrt bitiruvchidan bittasi oliy taʼlimda oʻqishni davom ettirish niyati borligini, ayrimlari hali kirish imtihonlariga biror fandan tayyorgarlik koʻrishni boshlamagani, qaysi yoʻnalishga topshirishni oʻylab ham koʻrmaganligini bildirdi. Oʻquvchi-qizlarning aksariyati esa tikuvchilik yoki boshqa biror hunar oʻrganish niyatlari borligini maʼlum qildi.

— Universitetimizning tajribali oʻqituvchilari, Qoʻqon shahar prokuraturasi, Yoshlar ishlari agentligi shahar boʻlimi masʼullaridan iborat targʻibot guruhi bitiruvchi-oʻquvchilar bilan muloqotlar oʻtkazib kelmoqda,-deydi Qoʻqon universiteti axborot xizmati rahbari Muxtasar Isaqova. — Reja-jadval asosida aprel oyida yana 41 ta umumtaʼlim maktabidagi 2868 nafar bitiruvchi-oʻquvchilar bilan yuzma-yuz suhbatlashib, ularning maqsad-muddaolarini bilish va koʻmaklashish koʻzda tutilyapti.

Shu bilan bir qatorda Qoʻqon universiteti tomonidan shahardagi maktablarda “Najot - maktabda, najot - taʼlimda, najot — bilimda” shiori ostida taʼlim marafoni tashkil etilmoqda. Marafonda bugungi murakkab zamonda mamlakat va jamiyat taraqqiyotiga faqat ilm-fan orqali erishish mumkinligi, har bir yurt oʻz taqdirini yuksak bilimli, zamonaviy dunyoqarashga ega yoshlar timsolida koʻrishi hayotiy misollar bilan oʻquvchilarga chuqur tushuntirilmoqda. Maktab bitiruvchilarining oliy taʼlimga qamrov darajasini oshirish zaruratining mohiyati va ahamiyatiga alohida urgʻu berilmoqda.

— Qoʻqon shahrida yoshlarning oliy taʼlimga qamrov darajasi qoniqarli emas, shunga koʻra taʼlim marafoni orqali bu boradagi koʻrsatkichni 25-30 foizgacha koʻtarish maqsad qilindi, - deydi Qoʻqon shahar prokurori Ulugʻbek Hamdamov. - Binobarin, oliy taʼlim birinchi navbatda yoshlarga kelgusida oʻz sevgan kasblari bilan shugʻullanishlari uchun kerak.

— Bir tonna olma yetishtirilsa, bir yarim ming dollar daromad boʻladi, soʻnggi rusumdagi bitta iPhon telefoni narxi ham shunday... Bir tonna olma yetishtirish afzalmi yoki telefon ishlab chiqarishmi? Oʻquvchi-yoshlar bilan muloqotlarda mana shunday misollar orqali keng tushuncha berilmoqda, — deydi taʼlim marafoni spikeri, Qoʻqon universitetining Marketing va PR departamenti boshligʻi Qobiljon Isayev. — Qolaversa, oʻgʻil-qizlar oʻz kelajagini belgilashda ota-onalari yoki uchinchi shaxslar fikriga tayanib qolish kerak emasligi taʼkidlanmoqda. Ayrim bitiruvchilar oʻqishga kirish niyatidan voz kechganlariga kontrakt toʻlov summasi yuqoriligi yoki boshqa sabablarni roʻkach qilishayotir. Ammo kontrakt toʻlovi — bu asosiy muammo emas. Avvalo, oʻqishga kirish uchun bilim olish bosqichidan oʻtish zarur.

Yana bir muhim masala. Qoʻqon universiteti Qoʻqon shahar prokuraturasi bilan hamkorlikda huquqbuzarlikka qoʻl urgan va jinoyatchilikka moyilligi bor oʻquvchi-yoshlar bilan toʻrt bosqichli profilaktik tadbirlarni amalga oshirmoqda. Shu orqali huquqbuzarlik yoʻliga kirgan oʻquvchi-yoshlarda bilim olish, kelajagiga bugun mustahkam poydevor qoʻyish kerakligiga ishonch va ragʻbat uygʻotilyapti.

Prokuratura sektorida joylashgan mahallalardagi uyushmagan, vaqtincha ishsiz yoshlar uchun Qoʻqon universitetida bepul oʻquv kurslari tashkil etilyapti. Shu kungacha 100 nafarga yaqin ana shunday yoshlar kompyuter texnologiyalari va ingliz tili savodxonligi kurslarida oʻqitildi. Kasb tanlashlari va foydali mehnat bilan band boʻlishlariga koʻmaklashildi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер