Navroʻzga zoʻr taraddud bilan peshvoz chiqayotgan Samarqand
Foto: Arxiv foto
Koronavirus pandemiyasi sababli soʻnggi ikki yilda butun Sharq mamlakatlarida, jumladan, yurtimizda ham Navroʻz ayyomini keng nishonlash imkoniyati boʻlmadi. Bugun vaziyat biroz barqarorlashdi, yoshu qari ushbu qadrdon bayramni intiq boʻlib kutayotgani, joylarda qizgʻin hozirlik ishlari boshlab yuborilgani maʼlum. Zotan, davlatimiz rahbarining qarorida ham joriy yilgi Navroʻz tantanalarini “Assalom, Navroʻz – yangilanish, mehr muhabbat va qadr qimmat ayyomi” degan bosh gʻoya asosida umumxalq sayillari shaklida koʻtarinki ruhda va yuqori saviyada nishonlash belgilandi.
Samarqand viloyat hokimligida oʻtkazilgan yigʻilishda Navroʻz bayramini munosib nishonlash bilan bogʻliq tadbirlar belgilandi.
- Xalqimiz Navroʻzni yil davomida kutadi, yaxshi kayfiyatda, yaqinlari, mahalla-koʻy bilan nishonlashni istaydi, – dedi viloyat hokimi E. Turdimov. – Zero, Navroʻz oʻzimizning sharqona yangi yil, yangilanish, mehr-oqibat bayrami. Bu yil viloyatimizning barcha tuman va shaharlarida, mahallalarda Navroʻzni umumxalq sayli sifatida, xalqimizga xos anʼana va qadriyatlar asosida, qarorda belgilanganidek, karantin qoidalariga rioya etgan holda nishonlaymiz.
Bayram tadbirlarida inson va tabiat oʻrtasidagi uygʻunlik, ona zaminga mehr va eʼtiborni aks ettiradigan, atrof-muhitni, uning neʼmatlarini asrab-avaylash, bugungi tinch hayotni qadrlab, shukronalik tuygʻusi bilan yashashga, inson qadrini ulugʻlashga daʼvat etadigan madaniy, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar uyushtiriladi.
Viloyatning asosiy bayram tantanalari Samarqand shahri Alisher Navoiy nomidagi markaziy istirohat bogʻi va uning atrofidagi Alisher Navoiy, Kamol Ota Turk koʻchalarida tashkil etiladi. “Moʻjiza” amfiteatrida badiiy dastur namoyish qilinadi. Bundan tashqari Qorasuv massivi, Kimyogarlar qoʻrgʻoni “Nurafshon” sanʼat saroyi, Farhod shaharchasida ham bayram sayillari oʻtkaziladi.
18-mart kuni Samarqand shahrida “Kabob festivali”, 19-mart kuni esa Jomboy tumanida uloq-koʻpkari musobaqasi boʻlib oʻtishi kutilmoqda. Bayram munosabati bilan bozorlar va aholi gavjum maskanlarda arzonlashtirilgan mahsulotlar savdo-yarmarkalari ishga tushiriladi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida barcha shahar va qishloqlarda umumxalq hasharlari, keng qamrovli obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish tadbirlari, “Mahallamga nihol ekaman!” aksiyasi amalga oshiriladi.
Abdulaziz Yoʻldoshev,
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring