«Navoiyuran» Kuzatuv kengashining AQSHlik mustaqil aʼzosi korxonada boʻldi
Foto: Xalq so‘zi
Prezidentimizning 2022-yil 14-iyuldagi «2022-2030-yillarda «Navoiyuran» davlat korxonasida uranni qazib olish, qayta ishlash hajmlarini oshirish hamda uni transformatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida» gi qarori mamlakatimizda uran xomashyosi ishlab chiqarishda yagona hisoblangan korxona hayotida yangi sahifa ochdi.
Mazkur qarorda 2030-yilga qadar respublikamizda uran mineral xomashyosi bazasini 100 ming tonnaga yetkazish, tabiiy uran mahsulotini ishlab chiqarish hajmini ikki baravar, ammoniy perrenatini 1,7 barobarga oshirish, korxona iqtisodiy salohiyatini toʻlaqonli namoyish etish maqsadida uran zaxiralari va resurslari geologiyasi, ularni qazib olish, qayta ishlash va eksport hajmlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek, milliy va xalqaro standartlar asosidagi moliyaviy hisobotlari boʻyicha maʼlumotlarni rasman eʼlon qilish boʻyicha cheklovlarni olib tashlash vazifalari belgilangan.
— Shuningdek, yangi konlarni ochishni taʼminlashga yoʻnaltirilgan geologiya-qidiruv va ilmiy-tadqiqot ishlarini oʻtkazish, ularning samaradorligi va natijadorligini oshirish, «Navoiyuran» DK transformatsiyasini jadallashtirish orqali zamonaviy korporativ boshqaruv tizimini joriy etish kabi maqsadlar uchun qariyb 500 mln. dollarlik investitsiya loyihalarini amaliyotga tatbiq etish nazarda tutiladi, — deydi korxona Bosh direktori Jahongir Hasanov. — Buning uchun ularning ishchi loyihalari, texnik-iqtisodiy asoslari hamda shaharsozlik hujjatlari ekspertizasini puxta va mukammal tayyorlash uchun xorijiy hamda mahalliy konsalting-loyihalash kompaniyalari jalb qilinadi.
Taʼkidlash joiz, mazkur qarorda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida «Navoiyuran» davlat korxonasi bir qator rivojlangan mamlakatlarning yirik kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyib, muntazam muloqotlar oʻtkazilmoqda.
Korxona Kuzatuv kengashining AQSHlik mustaqil aʼzosi Kim Kevin Gvangilning «Navoiyuran»ga tashrifini shunday hamkorlik sirasiga kiritish mumkin.
Tashrif doirasida Kuzatuv kengashining mustaqil aʼzosi dastlab korxona maʼmuriyati bilan muloqot oʻtkazib, unda Bosh direktor J. Xasanov mamlakatimizda uran sanoati tarixi, korxona tarkibiy boʻlinmalari, geotexnologik konlar va ishlab chiqarish koʻrsatkichlari, transformatsiya jarayonlari, zamonaviy korporativ boshqaruv tizimi, «yoʻl xaritasi» bandlarining bajarilishi boʻyicha boʻyicha maʼlumot berdi.
Oʻz navbatida Kim Kevin Gvangil Oʻzbekistonga ilk tashrifi taassurotlarini, korxona faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega boʻlgani va bu uchrashuvdan mamnunligini bildirib, korxonaning transformatsiyasi hamda rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish boʻyicha oʻz tavsiyalarini berishini maʼlum qildi.
Temur ESHBOYEV, «Xalq soʻzi».
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring