“Navoiyuran” davlat korxonasida yuk tashib kelish va olib ketishda muayyan natijalarga erishilmoqda

18:06 18 Iyul 2023 Jamiyat
819 0

Foto: Xalq soʻzi

Bu davlat korxonasi kimyoviy moddalar va boshqa turdagi xalq xoʻjaligi tovarlarini tashishda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ bilan oʻzaro hamkorlikni yaxshi yoʻlga qoʻygan.

Joriy yilda korxonaga 8,5 million tonnadan ortiqroq yukni tashib kelish va olib ketish moʻljallanmoqda. Xomashyo, yonilgʻi, yarim tayyor mahsulotlar va boshqa koʻplab moddiy boyliklardan iborat shuncha yuk yuklansa, 141 ming dona vagondan iborat temiryoʻl tarkibi paydo boʻlarkan. “Navoiyuran” DKning temiryoʻl sexi jamoasi tasarrufidagi bor-yoʻgʻi 4 lokomotiv va 275 ta vagon-sisternasi bilan mazkur hajmdagi yukni 19 kilometrlik temiryoʻl orqali manzilga yetkazishini inobatga olsak, yuk aylanmasi qanchalik tigʻiz ekanligini tasavvur etish mushkul emas.

— Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 112 foizni tashkil etadi, — deydi “Navoiyuran” DK transport boʻlimi boshligʻining temir yoʻllar boʻyicha oʻrinbosari Zokir Nurnazarov. – Joriy yilning oʻtgan olti oyi mobaynida 4 524 145 tonna yuk manzilga yetkazilib, reja 106,8 foizga bajarildi.

Prezidentimizning 2022-yil 14-iyuldagi «2022-2030-yillarda “Navoiyuran” davlat korxonasida uranni qazib olish, qayta ishlash hajmlarini oshirish hamda uni transformatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarorida uran qazib olish va qayta ishlash talablari va shartlariga muvofiq, 2023-yilda ishlab chiqarish hajmlarini keskin oshirish va barqaror rivojlanish hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirishni soʻzsiz taʼminlash vazifalari belgilangan. Tabiiyki, ushbu vazifalardan kelib chiqib, temir yoʻl orqali yuk tashish hajmi ham ortib boradi.

— Belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida, samarali bajarish maqsadida “Navoiyuran” davlat korxonasi tashkil etilganidan buyon sulfat kislota tashish uchun 92 dona sisterna-vagonlar sotib olindi, — deya davom etadi Z. Nurnazarov. — 2023-yil oxirigacha ushbu rusumdagi yana 41 ta sisterna-vagonlari, tayyor mahsulotlarni tashish uchun 11 ta sisterna va “TEM 18DM” seriyali “manyovr” lokomotivi xarid qilish rejalashtirilgan. 2030-yilga kelib esa teplovozlar sonini 6 donaga, vagonlar sonini 700 donaga koʻpaytirish koʻzda tutilgan.

Albatta, bular yaqin istiqboldagi rejalar, hozircha korxonaning 93 mutaxassisdan iborat temiryoʻlchilar jamoasi ichki imkoniyatlarni ishga solishib, 63 ta vagonni depoda, 9 ta vagonni esa kapital, 2 ta teplovozni joriy hamda 1 ta teplovoz va 270 p/m temir yoʻlni kapital taʼmirlashdi. Shuningdek, korxonaning Markaziy moddiy-texnika bazasi hududida “Texnik koʻrikdan oʻtkazish va vagonlarni taʼmirlash” punkti qurilishi loyihasi ishlab chiqilmoqda. Ushbu obyektning qurilishi poyezdlar harakati xavfsizligini taʼminlash, vagonlar taʼmirini mustaqil ravishda amalga oshirish, 18 ta yangi ish oʻrinlari yaratish imkonini beradi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер