Navoiylik talabalar Madrid politexnika universitetida taʼlim olishadi
Foto: “Xalq soʻzi”
Navoiy Davlat konchilik va texnologiyalar universiteti mamlakatimiz konchilik, kimyo hamda energetika sanoati uchun malakali mutaxassislar tayyorlaydigan nufuzli oliy oʻquv yurtlaridan biri sanaladi. Ilm dargohi reyting boʻyicha respublikamiz oliy oʻquv yurtlari orasida beshinchi oʻrinni band etib, qariyb 8,5 ming talabani oʻz bagʻriga olgan.
— Bu 2000-yil bilan solishtirganda uch baravardan ortiqroqni tashkil etadi, — deydi universitetning oʻquv ishlari boʻyicha prorektori Nabijon Abduazizov. — Shu davr ichida taʼlim muassasasining ilmiy salohiyati ham oshib, bugun universitetning 300 kishilik pedagogik jamoasining 29 nafari doktorlik 121 nafari esa fan nomzodi ilmiy darajasiga ega.
Universitetning 19 gektarlik hududida oltmish foiz maydonni laboratoriyalar egallagan. Bu nazariy bilimlarni amaliy jihatdan mustahkamlash hamda turli ilmiy izlanishlar natijalarini sinovdan oʻtkazishda ham qulayliklar yaratadi. Shuningdek, ilm dargohi talabalari “NKMK”, “Navoiy Azot”, “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyatlari hamda “Navoiy uran” DK kabi yirik ishlab chiqarish korxonalarida amaliyot oʻtashib, mazkur jarayonlarda ularning aksariyati malakalarini oshirish bilan birga oʻz ish oʻrinlariga ham ega boʻlishadi.
— Taʼlim dargohimizning soʻnggi yillarda xalqaro hamkorlik geografiyasi ham tobora kengayib bormoqda, — deydi universitetning Xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektori Shuhrat Aliqulov. – Ilgari MDH hududidagi respublikalar Oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorlik aloqalari olib borilgan boʻlsa, oʻtgan yildan eʼtiboran Yevropa Ittifoqining bir qator mamlakatlaridagi konchilik va energetika sohasidagi nufuzli OTMlar bilan mutaxassis kadrlar tayyorlash, oʻquv-amaliyot jarayonlariga ilgʻor tajribalar, innovatsion yondashuvlar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, olim va tadqiqotchilarning ilmiy va intellektual salohiyatini yuksaltirish maqsadida bir qator hamkorlik memorandumlar imzolanib, amaliy ishlar yoʻlga qoʻyildi. Xususan, oʻtgan yili Ispaniyaning Madrid politexnika universiteti bilan shunday hamkorlik aloqalari boʻyicha qoʻshma dasturlar imzolandi.
Mazkur dastur asosida Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetining bir guruh olim va tadqiqotchilari Ispaniyada boʻlishib, Madrid politexnika universiteti huzuridagi konchilik va sanoat maktablari rahbariyati bilan uchrashuvlar oʻtkazishdi. Olib borilgan muzokaralar chogʻida tomonlar oʻrtasida avval imzolangan qoʻshma dasturlarga muvofiq hamkorlikda kadrlar tayyorlash va ilmiy stajirovkalarni tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Unga koʻra 2024-yil yanvar oyida Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetining 5 nafar tadqiqotchi olimlari va oʻqituvchilarini Madrid politexnika universitetiga stajirovka oʻtash uchun yuborishga kelishib olindi.
— Keyingi bosqichda esa, qoʻshma taʼlim dasturlari doirasida bakalavr va magistr talabalarini ham Ispaniya konchilik va sanoat maktablarida tahsil olishini yoʻlga qoʻyish boʻyicha ahdlashildi, — deya davom etadi Sh. Aliqulov. — Shuningdek, Madrid politexnika universiteti talabalarini Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti akademik mobilligi dasturi asosida oʻqitish masalalari xususida ham dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Safar davomida NDKTU olimlari Ispaniyaning Oviyedo shahrida joylashgan Oviyedo universitetida ham boʻlishdi. Mazkur universitet rahbariyati bilan imzolangan Hamkorlik memorandumiga asosan universitetlar oʻrtasida oʻzaro aloqalarini yanada jadallashtirish, konchilik, metallurgiya, kimyoviy texnologiya mutaxassisliklari boʻyicha professor-oʻqituvchilarning stajirovkasini Oviyedo universitetida tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida Yevropa Ittifoqining Erazmus + dasturi asosida Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari talabalari va professor-oʻqituvchilarini Oviyedo universiteti qoshidagi Politexnika maktabida hamda uning Tadqiqot markazida qisqa muddatli stajirovka oʻtashlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha shartnoma imzolashga kelishildi.
Shuningdek, endilikda qoʻshma taʼlim dasturlari doirasida NDKTU talabalari Madrid politexnika universiteti Konchilik maktabida tahsil oladi hamda mazkur oliygohning Ilmiy tadqiqot markazida mahalliy olimlarimiz tajriba almashadilar.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring