Navoiydagi nogironlar uyida tikuv sexi ochildi
Foto: “Xalq so‘zi”
Navoiy shahridagi sobiq yotoqxona 2017 yilda nogironlar uchun turar-joyga aylantirilib, 21 oila istiqomat qilishi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan edi. Yaqinda ushbu inshootning yerto‘la qismida Davlat xavfsizlik xizmati Navoiy viloyat boshqarmasi tashabbusi bilan 30 ish o‘rinli tikuv sexi tashkil etildi.
- Bitta farzandim bor, - deydi ikkinchi guruh nogironi Bekzod Rahimov. – Ushbu sexda turmush o‘rtog‘im bilan ishga joylashdik. Qulayligi - ishga borish uchun ikki qavat pastga tushishning o‘zi kifoya.
Mazkur tikuv sexining ochilishi natijasida u joylashgan “Tinchlik” MFYdan “Ayollar daftari”ga kiritilgan to‘qqiz nafar oila bekasi ham o‘z daromad manbaiga ega bo‘ldi. Tikuvchi sifatida ish boshlagan Madina Boboyeva shulardan biri bo‘lib, qaramog‘ida ikki farzandi bor.
- Nihoyatda xursandmiz, - deydi M. Boboyeva. - Biror bir bayram va tadbir bahona bizga doimiy g‘amxo‘rlik va saxovat ko‘rsatiladi. Bundan nihoyatda minnatdormiz. Lekin o‘z ish joyingga ega bo‘lib, o‘z peshona tering bilan topganing baribir boshqacha-da.
Albatta, hayotda jismoniy imkoniyatlari cheklangan bu insonlarning orzu-istak va ehtiyojlari cheklanmagan. Ularning niyatlariga yetishi, mehnatlaridan huzur-halovat topishi uchun shart-sharoit yaratish insonparvarlikning yorqin namunasidir.
Temur ESHBOYEV, "Xalq so‘zi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring