Navoiyda respublika tarmoqlararo kooperatsiya sanoat yarmarkasi
Joriy yilning 22-24-aprel kunlari Navoiy kon-metallurgiya kombinati hududida metallurgiya, energetika, kimyo sanoati va qurilish materiallari sohasi korxonalari ishtirokida “Respublika tarmoqlararo kooperatsiya sanoat yarmarkasi” oʻtkazildi.

Yarmarkaning ochilish marosimida uni tashkil etishdan koʻzlangan maqsad va kutilayotgan samara ishtirokchilarga batafsil tushuntirildi. Chunonchi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga qulay shart-sharoitlar yaratish orqali ular tomonidan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni yana-da kengaytirish, shuningdek, xususiy sektor ishtirokchilarini sanoat faoliyatiga keng jalb etishni ragʻbatlantirish boʻyicha respublikada yaratilgan shart-sharoitlar hamda bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida axborot berildi.
Yarmarkada respublikaning barcha hududlaridan jami 645ta tadbirkorlik subyektlari hamda 60 ta tarmoq korxonalarining 450 nafardan ortiq vakillari ishtirok etib, shundan 145 ta mahalliy korxonalarning 3,7 mingta mahsulotlari koʻrgazmali namoyish etildi.

Shu bilan birga, koʻrgazmada 1,4 ming turdagi import oʻrnini bosuvchi yangi oʻzlashtirilgan mahsulotlar, 40 turdagi korxonalarning ilmiy-innovatsion ishlanmalari hamda 3 turdagi xizmatlar namoyish etildi.
Bundan tashqari, “Oʻzkimyosanoat” AJ, “Navoiy IES”, «Qizilqumsement» AJlari, Navoiy kon-metallurgiya kombinati, “Gidro stanko servis” MCHJ va “Navpromlitmash” MCHJ korxonalari negizida ishlab chiqarilishi oʻzlashtirilgan mahsulotlar hamda yaqin istiqbolda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari boʻyicha 6 ta taqdimot oʻtkazildi. Koʻrgazma doirasida shartnomalar Iqtisodiy taraqqiyot vazirligining Elektron kooperatsiya portali orqali davlat xaridlari toʻgʻrisidagi Qonun talablari asosida onlayn formatda rasmiylashtirilib, umumiy hisobda 421,0 mlrd soʻmlik 1336 ta (tezkor) oʻzaro hamkorlik shartnomalari hamda kelgusida ishlab chiqarishni oʻzlashtirishga qaratilgan 268 ta Memorandum imzolandi. Mezbonlarning esa 45ta korxonasi oʻz mahsulotlari bilan yarmarkada ishtirok etgan boʻlsa, 184ta korxonasi mahsulotsiz qatnashdi. Viloyat korxonalari tomonidan umumiy qiymati 120,2 mlrd soʻmlik 86 ta shartnoma hamda 39 ta hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Yarmarka faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari G.K. Saidova, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirining oʻrinbosari B.Q. Abdinazarov, Navoiy viloyati hokimi Q.B. Tursunov hamda Navoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktori Q.S. Sanaqulov ishtirok etdi.
Temur ESHBOYEV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring