Navoiyda qoʻlbola aroq ishlab chiqarish holati fosh etildi
Navoiy viloyatida qoʻlbola usulda tayyorlangan alkogol mahsulotlarining savdosi fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, Departamentning Karmana tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda “R.M.” oilaviy korxonasi rahbari Sh.R. “Kumushkon” MFY hududidagi xonadonida qoʻlbola usulda tayyorlangan alkogol mahsulotlarini savdo doʻkonida sotuvga qoʻyganligi aniqlangan. Tadbir davomida 2 210 dona qalbaki aksiz markalar, 193 dona shisha idish, 104 dona alkogol mahsuloti va qoʻlbola usulda ishlab chiqarishda foydalanilgan boshqa jihozlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qogʻozlar yasash, ularni oʻtkazish) va 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni oʻtkazish maqsadini koʻzlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud oʻtkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar koʻrsatish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring