Navoiyda noqonuniy oltin qazib oluvchilar 7 mlrd soʻm zarar yetkazdi
Videodan kadr
Navoiy viloyatida noqonuniy oltin qazib olish bilan shugʻullangan bir nechta holat aniqlanib, ularga chek qoʻyildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Karmana tumanida bir guruh shaxslar davlat zaxirasidagi yerlarda oltin tarkibli rudalarni qazib olib, ularni kimyoviy qayta ishlash bilan shugʻullangan. Ushbu faoliyatga Samarqand viloyati Paxtachi tumanida yashovchi 1988-yilda tugʻilgan shaxs boshchilik qilgan. U parrandachilikka ixtisoslashgan xoʻjalik binosini ijaraga olib, yashirin sex tashkil etgan.
Tezkor tadbir davomida 200 kilogramm yarim tayyor oltin, 200 qop oltin tarkibli qum va toshlar, 300 kilogramm kimyoviy vositalar, maxsus laboratoriya jihozi, gaz ballonlari hamda boshqa uskunalar daliliy ashyo sifatida olingan. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, davlat manfaatlari va ekologiyaga yetkazilgan zarar 7 milliard soʻmdan oshgan.
Qayd etilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 196²-moddasi (foydali qazilmalarni oltin izlovchilar usulida ruxsatnomasiz qazib olish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring