Navoiyda navbahorning ilk ayyomi
Foto: Халқ сўзи
Navoiyda 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlangan tantanalar viloyat hamda shahar va tumanlar hokimliklari tizimida faoliyat yuritib kelayotgan faol ayollardan bir guruhini qutlash, ularga yuksak ehtirom koʻrsatishdan boshlandi. Shundan soʻng Navoiy shahridagi “Tinchlik” marosimlar uyida badiiylashtirilgan bayram tadbiriga taʼlim, tibbiyot, ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi, qoʻyingki, barcha sohada oʻz muvaffaqiyati bilan namuna boʻlayotgan opa-singillarimiz, talabalar, faxriy onaxonlar taklif etildi.
Dastlab Navoiy viloyat hokimi v.b. Normat Tursunov yigʻilganlarni bayram bilan tabriklab, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ayollarning ijtimoiy hayotdagi oʻrni va nufuzini oshirish, manfaatlarini himoya qilish, orzu-istaklarini roʻyobga chiqarish, jamiyatimizning teng huquqli, faol aʼzosi sifatida oʻzini namoyon etishlari uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, bu sohada olib borilayotgan siyosat dunyo miqyosida eʼtirof etilayotganini taʼkidladi.

— Dunyoda birgina ayol boʻlsa ham, zargarga ish topiladi, deyishadi. Bugun atrofimizda hayotda oʻz oʻrnini topolmagan, oilada notinch, ijtimoiy band boʻlmagan ayollar bor ekan, biz, rahbarlarning xotirjam boʻlishga haqqimiz yoʻq, — dedi N. Tursunov. — Shu tamoyil asosida mamlakatimiz Prezidenti tomonidan belgilangan vazifalarni bajarib, 2021-yilda viloyatimizda ayollar tadbirkorligi dasturlari doirasida 4227 nafar xotin-qizlarga 50 milliard soʻm kredit va subsidiyalar ajratildi, 8 ming nafardan ziyod xotin-qiz doimiy ish oʻrniga ega boʻldi. Shuningdek, 1,5 ming nafardan ziyod ayol kasb-hunarga oʻqitildi.76 nafar xotin-qizga uy-joy toʻlovining boshlangʻich badaliga mablagʻ ajratildi, 4 nafari uy-joy bilan taʼminlandi. 97 nafar qizlarimiz alohida grant asosida oliy taʼlimga qabul qilindi, 656 nafar talaba-qizlarning shartnoma toʻlovlari toʻlab berildi. Natijada oʻtgan yili oliy oʻquv yurtlariga kirgan talabalarning 60 foizini xotin-qizlar tashkil etdi.
Eng muhimi, “Ayollar daftari” tizimi yoʻlga qoʻyilgani natijasida unga kiritilgan 28 mingga yaqin xotin-qizlarga ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy, huquqiy va psixologik koʻmak berildi.
Taʼkidlash joiz, bugungi kunda viloyatdagi boshqaruv idoralari, korxona va tashkilotlarda 854 nafar ayol rahbarlik lavozimlarida, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarida esa 115 nafar ayol faoliyat yuritib kelmoqda. Oʻzining fidokorona mehnati, izlanish va namunali xulqi bilan barchaga oʻrnak boʻlib, davlat mukofotiga sazovor boʻlgan ayollar safi tobora kengayib bormoqda.

Tadbirda viloyatning har jabhada faol boʻlgan bir guruh xotin-qizlariga bayram munosabati bilan viloyat hokimligining faxriy yorliq, tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari topshirildi. Shuningdek, jamiyat va davlat hayotida faollik hamda tashabbuskorlik koʻrsatgan, onalik hamda bolalik muhofazasiga munosib hissa qoʻshgan, yosh avlodni vatanparvarlik, istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, joylarda maʼnaviy-axloqiy muhitni sogʻlomlashtirish va milliy qadriyatlarimizni keng targʻib etish borasida ibrat boʻlayotgan 33 nafar opa-singillarimiz “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Bayram tantanalarida viloyatning badiiy jamoalari va taniqli xonandalar ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar, dilbar raqslar yigʻilganlarga yanada koʻtarinki kayfiyat baxsh etdi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring