Navoiyda narkolaboratoriya tashkil etib, sotish bilan shugʻullangan jinoiy guruh aniqlandi

17:11 19 Mart 2026 Jamiyat
360 0

Navoiy viloyati hududida olib borilgan “Xavfsiz va sogʻlom yurt” tezkor profilaktik tadbirlar davomida “Narkolaboratoriya“ tashkil qilish va giyohvandlik moddalarini sotish bilan bogʻliq bir nechta holatlar aniqlandi.

Xususan, Navoiy shahar IIB TQX hamda DXX Navoiy viloyati boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda Navoiy shahar hududida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida, 2000-yilda tugʻilgan muqaddam sudlanmagan yigit 1.80 gramm “Gashish” giyohvandlik moddasini 600.000 soʻmga sotayotgan vaqtda tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlandi.

— Tezkor-qidiruv tadbiri davom ettirilganda mazkur giyohvandlik moddani u 2000 hamda 1999-yilda tugʻilgan shaxslardan olganligi maʼlum boʻldi, — deydi Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati boshligʻi Fayozjon Qosimov. — Olib borilgan tezkor-qidiruv ishlari davomida mazkur ikki yigit yonida 8 ta ampulada gashish moyi va folga qogʻoziga oʻralgan 10 dona 6 gramm gashish giyohvandlik moddalari bilan birga qoʻlga olindi. Aniqlanishicha, ular telegram ijtimoiy tarmogʻidagi bot orqali taʼminotchi sifatida xizmat olib borgan, vazifasi esa shahar hududida giyohvandlik moddalarini mijoz bilan uchrashmagan holda egalariga yetkazishdan iborat boʻlgan.

Narkokuryer jinoiy guruhining 2000-yilda tugʻilgan aʼzosi joriy yilning 4-yanvar kuni maxsus telegram bot orqali guruhga qoʻshilgan, giyohvand moddasini qayta ishlash va tayyorlash boʻyicha maxsus onlayn darslarida malaka orttirib, bot rahbarining yoʻl-yoʻrigʻi bilan oʻzining yashash xonadonidan narkolaboratoriya tashkil qilgan.

Tadbir davomida ular tomonidan viloyat hududida giyohvandlik moddalari joylashtirilgan lokatsiya manzillari aniqlanib, u yerda 2 ta ampulada gashish moyi qoldirib ketilganligi maʼlum boʻldi.

Shuningdek, mazkur holat yuzasidan tezkor-qidiruv tadbirlari ularning yashash xonadonlarida davom ettirildi. Unda 34 dona izotasmalar bilan qadoqlangan gashish, jami 1 kg 477 gramm gashish hosilalari hamda qoʻlbola usulda tayyorlash va qadoqlash uchun ishlatiladigan buyumlar tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi.

Jinoiy guruh shu kunga qadar 1000dan ortiq lokatsiyalarga zahriqotil joylashtirgan boʻlib, yana qiymati 1 mlrd 220 mln soʻmga teng, 2 kg 500 gram gashish moddasini belgilangan manzillarga yetkazib berishni reja qilgan. Xodimlarning saʼy-harakati bilan yuzlab balki minglab insonlar ogʻu girdobidan saqlangan, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273- moddasi 4- bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, jinoiy guruhning qolgan aʼzolarini aniqlash boʻyicha tezkor tadbirlar davom ettirilmoqda.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер