Navoiyda maktab qorovuli kaltaklanib, “oʻlar holda” tashlab ketildi

20:57 14 Mart 2025 Jamiyat
664 0

Videodan kadr: “Xalq soʻzi”

Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyati Xatirchi tumanida majburiy mehnatga jalb qilingan maktab qorovuli ayovsiz kaltaklanib, togʻga tashlab ketilgani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, mazkur voqea joriy yilning 6-fevral kuni Xatirchi tumani “Yangi qurilish” MFYdagi 43-maktabning qorovuli Sh.X. hamda oʻt yoquvchisi J.O. oʻrtasida, maktabdan tashqari hududda yuz bergan.

“Qalampir.uz” nashrining yozishicha, hodisa sodir boʻlgan kuni maktabning bir guruh xodimlari ish vaqtida direktor tomonidan majburiy mehnatga jalb etilib, qum ortish uchun togʻli hududga olib borilgan.

Togʻda koʻp miqdorda spirtli ichimlik isteʼmol qilgan fuqarolar oʻrtasida janjal yuzaga kelgan va qorovulning bosh qismiga temir belkurak bilan bir necha bor urib, uni oʻsha yerga tashlab ketishgan.

“Ayni vaqtda bemorning holati yaxshi”, deyiladi Navoiy viloyati MMTB xabarida.

Boshqarma axborot xizmatining qoʻshimcha qilishicha, ushbu holatdan soʻng, maktab direktori oʻz arizasiga koʻra lavozimidan ozod qilingan.

Hozirda mazkur holat boʻyicha tuman IIB tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda, gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер