Navoiyda ikki yuz qirq oltinchi birlamchi boʻgʻin tibbiy xizmat maskani ishga tushdi
Foto: “Xalq soʻzi”
Viloyatning Navbahor tumanidagi Yangi kuch mahallasida 11- oilaviy poliklinika binosi foydalanishga topshirildi. Qariyb yetti ming kishi istiqomat qilayotgan mahallada bunyod etilgan ushbu tibbiyot muasssasi viloyatdagi ikki yuz qirq oltinchi birlamchi boʻgʻin tibbiy xizmat maskani sifatida ish boshladi. Besh yil avval esa bor-yoʻgʻi 128 ta shu kabi muassasa faoliyat koʻrsatib, viloyat boʻyicha 300 ming nafarga yaqin aholi dastlabki tibbiy xizmatda muayyan qiyinchiliklarga duch kelayotgan edi.

— Shu besh yil ichida 2 ta oilaviy poliklinika, 27 ta oilaviy shifoxona va 89 ta mahalla tibbiyot maskani foydalanishga topshirilib, kunduzgi statsionarlarda bemor oʻrinlari soni salkam ikki baravarga oshirildi, — deydi viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Orzigul Aʼzamova. — Natijada markaziy tibbiyot muassasalarning yuklamasi 11ming 800 kishiga kamayib, birlamchi tibbiy boʻgʻinda esa qatnov 58 ming 600 kishiga oshdi.
Viloyat sogʻliqni saqlash tizimida shifokorlarning malakasini oshirish, tibbiyot muassasalarini zamon talabidagi tibbiy uskunalar bilan taʼminlash, murakkab jarrohlik operatsiyalarini yoʻlga qoʻyish ishlarida ham bir qator yangilanishlar koʻzga tashlanadi. Xususan, soʻnggi yillarda 85 turdagi murakkab davo muolajalarining oʻzlashtirilishi natijasida birgina 2022-yilda 1300 nafar bemor viloyat tibbiyot muassasalarida shifo topdi. (Besh yil avval ular asosan respublika klinikalariga yoʻllangan).

Viloyatning Qiziltepa va Xatirchi tumanlarida tumanlararo tibbiy markazlar faoliyati yoʻlga qoʻyilishi va 16 turdagi yangi jarrohlik operatsiyalarining oʻzlashtirilishi 3000 nafarga yaqin bemorning tuman doirasida darddan forigʻ boʻlishlariga zamin yaratdi. Albatta, bunda poytaxtdagi ixtisoslashgan klinikalarining 403 nafar, xorij nufuzli tibbiyot muassasalaridan 102 nafar malakali shifokorlar viloyatga jalb etilishining ham oʻz oʻrni bor.

“Yangi kuch” mahallasida oilaviy poliklinikaning foydalanishga topshirilishi hamda Qiziltepa va Xatirchi tumanlari tibbiyot muassasalari yangi tibbiy uskunalar bilan taʼminlanishiga bagʻishlangan tantanali marosimda mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmat sifatini oshirish, inson qadri ulugʻlanishining muhim sharti ekanligi alohida taʼkidlandi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring