Navoiyda bir yoʻla uchta mahallaning yangi binosi foydalanishga topshirildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Navoiy shahrida “Ziyokor”, Qiziltepa tumanida “Bunyodkor” Nurota tumanida “Nurobod” mahalla fuqarolar yigʻinlarining yangi va zamonaviy binolari qad rostladi.
Tashqi koʻrinishidan bir-birini takrorlamaydigan mazkur imoratlarda mahallani jamiyatning kichik boʻgʻini sifatida shakllantirish, oilalarda tinchlik-totuvlikni taʼminlash, jinoyatchilikni oldini olishdek muhim vazifalarni amalga oshirishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan.
— Har bir hududdda samarali ish olib borish mahalla faollari faoliyatining bosh mezoniga aylanishi lozim, — deydi Qiziltepa tumanidagi “Bunyodkor” MFY yangi binosi ochilishi tantanalarida soʻzga chiqqan viloyat hokimi N. Tursunov. – Shu maqsadda mamlakatimizda mahalla fuqarolar yigʻinlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda xodimlar uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish ishlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Zero, har bir mahalla oʻzining kutubxonasi, sport maydonchasiga ega boʻlishi zarurligi, oʻzining muammosini mustaqil hal etishi izchillik bilan taʼminlanmoqda. Bundan koʻzlangan maqsad mamlakat taraqqiyotining muhim bosqichida, avvalo, mahalla instituti faoliyatini yanada takomillashtirish va nufuzini yuksaltirishga qaratilgandir.
Taʼkidlash joiz, mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan yaratilgan kambagʻallikni qisqartirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va “mahallabay” ishlash boʻyicha yangicha tizim samarasi oʻlaroq viloyatda birgina joriy yilning dastlabki olti oyida 192,2 ming nafar aholi bandligi taʼminlandi. “Mahallabay” ishlash tizimi orqali 1,4 mingta mikro va kichik loyihalar amalga oshirilib, 5,6 ming nafar aholi oʻz ish joylariga ega boʻldi.
Maʼlumot oʻrnida qayd etish joiz, soʻnggi bir yilda umumiy hajmi 17 milliard soʻmlik 20 ta mahalla binosining yangidan bunyod etilgani esa “mahalla beshligi” samarali faoliyati uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur tadbirlar doirasida mutasaddilar har bir mahallada aholi bilan yuzma-yuz muloqotlar oʻtkazishib, ularni tashvishga solayotgan muammolarni oʻrgandilar.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring