Navoiyda besh kunlik media forum oʻz ishini boshladi

18:28 25 Mart 2022 Jamiyat
1138 0

Foto: Халқ сўзи

Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va “Navoiy kon metallurgiya kombinati” AJ hamkorligida oʻtkazilayotgan mazkur media forum “Milliy jurnalistika: anʼanalar davomiyligi va zamonaviylik” mavzusiga bagʻishlangan. Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahridan OAV vakillari, blogerlar ishtirok etmoqda.

Anjuman doirasida ishtirokchilar “Bosma ommaviy axborot vositalari: bugungi ahvol va istiqboldagi rejalar”, “Jurnalistlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlashda Samarqand tajribasi”, “Ommaviy axborot vositalari qonunchiligini yanada mustahkamlash yoʻlidagi dadil qadamlar”, “Oʻzbek matbuoti Yangi Oʻzbekiston davrida”, “Jurnalistlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlashda Oʻzbekiston va jahon tajribasi” kabi mavzularda taniqli jurnalist va soha tadqiqotchilarining maʼruzalarini tinglab, mahorat darslaridan bahramand boʻlishadi.

— Shuningdek, har bir ishtirokchi (ular 85 kishi) “Metallurg” profilaktoriy-sanatoriysida bepul sogʻlomlashtirish muolajalarini oladi, — deydi “Navoiy kon metallurgiya kombinati” AJning Jamoatchilik bilan aloqalar boʻyicha direktori Xolmamat Raupov. — Bundan tashqari media forum ishtirokchilari uchun aksiyadorlik jamiyatimizning ishlab chiqarish tizimlari hamda viloyatning ziyoratgoh hududlariga sayohatlar uyushtirish rejalashtirilgan.

Anjumanning dastlabki kun muolajalaridan soʻng ishtirokchilar “Navoiy kon metallurgiya kombinati” AJning “Farhod” madaniyat saroyidagi “NKMK tarixi muzeyi” eksponatlari bilan tanishdi.

— Ushbu muzeydan nafaqat konchilik, balki million-million yillik tarixga ega arxeologik topilmalar ham oʻrin olgan, — deydi Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Sirdaryo viloyati boʻlimi raisi Boyjigit Abdullayev. — Bu yerdagi har bir eksponat xalqimizning Qizilqum kengliklaridagi misli koʻrilmagan matonatidan hikoya qiladi.

Kunning ikkinchi yarmida media forum ishtirokchilari Karmanadagi Qosim shayx Azizon va Mavlono Orif Deggaroniy qadamjolarini ziyorat qildilar.

Besh kunlik media forum ertaga oʻz ishini davom ettiradi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер