Navoiy viloyatida transformatorlar yangilangani samaralari sezilyapti

16:43 13 Noyabr 2023 Jamiyat
261 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Oʻtgan haftadan yurtimizda havo harorati sovib, Navoiy viloyatining shimoliy hududlarida, hatto noldan pastga tushdi. Tabiiyki, energiya resurslariga boʻlgan ehtiyoj ortgan boʻlsada, mutasaddilar bergan maʼlumotlarga koʻra, elektr energiyasi yetkazib berishda zoʻriqish holatlari kuzatilmagan.

— Viloyatimizda barcha turdagi isteʼmolchilarga elektr energiyasi 3640 dona har xil turdagi transformatorlar orqali yetkazib beriladi, — deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Navoiy hududiy filiali direktorining kapital qurilish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Dilshod Isroilov. — Mavsumga tayyorgarlik jarayonlarida mazkur transformatorlarning 162 tasini quvvati yuqoriroqlariga almashtirish choralari belgilanib, bugungi kun holati bilan ularning 133 tasi yangilandi. Shuningdek, dasturga koʻra 357 dona transformator mukammal taʼmirdan chiqarilib, 909 dona transformatorda joriy taʼmirlash ishlari amalga oshirildi.

Viloyatning Navbahor tumani elektr energiyasi taʼminotida ogʻir hududlardan. Oʻtgan mavsum tahlillari asosida tumanining Sovungar, Arabsaroy, Qiziloy mahallalaridagi beshta hududda har birining quvvati 160 kVA boʻlgan 5 dona (komplekt) transformator punkti oʻrnatilib, eski yogʻoch ustunlar oʻrniga temir beton tayanchlari tiklanishi barobarida SIP kabellari tortildi. Ayni kunlarda tumanning yana 7 ta hududida elektr tarmoqlarini yangidan qurish ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda. Chunonchi, birgina Toshrabod mahallasida eski yogʻoch ustunlar oʻrniga 133 dona yangidan temir beton tayanchlar tiklanib, loyiha doirasida 4 kilometrdan ziyod SIP kabellari tortilmoqda.

 — Mazkur yumushlarning yakuni bilan viloyatimizdagi barcha transformatorlar isteʼmolchilar ehtiyojini toʻliq koʻtarish quvvatiga ega boʻladi, — deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Navoiy hududiy filiali matbuot kotibi Baqitbek Qizilboyev. — Buni rekonstruksiya ishlari amalga oshirilgan hududlardagi isteʼmolchilarimiz hozirdanoq his etishmoqda.

— Ochigʻi, yoz oylarida tez-tez uzilishlar boʻlganida xavotirga tushgan edik, deydi Nurota tumanining Eshoni Sudur mahallasida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Sattor Gʻafforov. — Mana transformatorimiz yangilaganidan buyon, koʻz tegmasin, aytarlik uzilishlar boʻlgani yoʻq.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash joiz, elektr energiyasidagi barqarorlik bevosita transformatorlar quvvati bilan bogʻliq. Boisi kamquvvat moslamalar mavjud energiyani boricha yetkazib berolmasligi aksariyat uzilishlarning, taʼminot beqarorligining omili boʻlarkan.   Energetiklar esa buni besh kishiga bir likopchada taom tortiq qilishga oʻxshatishadi. Albatta, mavsum endigina boshlandi, chora-tadbirlar qanchalik samara berishini esa vaqt koʻrsatadi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер