Navoiy viloyatida noyabr oyida yarim milliard soʻmlikdan koʻp tabiiy gaz oʻgʻirlangan

19:45 21 Dekabr 2020 Iqtisodiyot
1169 0

Fotо: Getty Images

Mamlakatimizda havo haroratining keskin soviganiga ham bir oydan oshib ketdi. Aholi xonadonlarida gaz taʼminoti bosimi pasayib, gaz yoqilgʻisi toʻldirish shoxobchilariga “metan” grafik asosida berilishining joriy etilishi ham ilojsiz chora ekanligini koʻpchilik anglab yetdi. Biroq baʼzi “tadbirli” kishilar kimning mozori kuysa kuysinu mening qozonim qaynasin qabilida ish tutib yurganga oʻxshaydi. Biroq ular qingʻir ishining qiyigʻi qirq yil tugul qirq kunga ham yetmadi.  

 “Hududgaztaʼminot" AJ va uning hududiy filiallari tomonidan mamlakatimiz Prezidentining 2020-yil 18-iyundagi «Tabiiy gaz va elektr energiyasini  sotish mexanizmini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi Farmonida belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan birgalikda oʻtkazilgan reyd tadbirlarida ishlab chiqarish va umumiy ovqatlanish obyektlarida oʻgʻrilik, gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish kabi holatlar aniqlanmoqda.

Chunonchi, “Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filialining Korrupsiyaga qarshi siyosatni amalga oshirish va moddiy resurslardan oqilona foydalanish boʻlimi hamda filialning masʼul mutaxassislari tomonidan tuman va shaharlar kesimida reyd tadbirlari oʻtkazilib, tabiiy gaz isteʼmolida bir qator qoidabuzarliklar aniqlandi. Xususan, joriy yilning noyabr oyida oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida Navoiy va Zarafshon shaharlari hamda Karmana tumanida jami 7 ta obyektda tabiiy gazga noqonuniy ulanish holatlari maʼlum boʻldi. Mazkur holatlarni raqamlarda ifodalasak, ushbu obyektlarda hisobga olinmay sarf qilingan gaz hajmi 537,7 ming metr kubni, oʻgʻirlik natijasida yetkazilgan zarar miqdori esa 506, 2 mln.soʻmni tashkil etadi.

— Masalan, Navoiy shahridagi “Navoiy Parvoz” MCHJga qarashli issiqxona gaz taʼminoti korxonasi bilan hech qanday shartnoma tuzmasdan, gazdan foydalanishi oqibatida 13,08 ming metr kub gaz hisobga olinmay sarf qilinib, gaz taʼminoti korxonasiga 13,08 mln. soʻm zarar yetkazilgan, — deydi “Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati rahbari Zebo Qutliyeva. — «Ekonomik projekt» MCHJga qarashli ohak ishlab chiqarish korxonasining isteʼmolchisi ham shu taxlit  oʻzboshimchalik bilan tabiiy gazdan foydalanib, 100,133 ming metr kub gazning talon-taroj boʻlishiga yoʻl qoʻygan. «Karmana agro invest» MCHJga qarashli avtomobillarga gaz toʻldirish shohobchasining oʻzboshimchaligi hammasidan oshib tushgan. Shahobcha  taʼminot korxonasi bilan sharnoma tuzilmagani uchun tarmoqdan uzilgan. Ammo isteʼmolchining oʻzboshimchalik bilan tabiiy gazga qayta ulanishi natijasida 255 ming metr kub gaz hisobga olinmay sarf qilingan. Hududdagi “Bunyodkor zamondosh” MCHJga qarashli xususiy uy-joy mulkdorlar shirkati esa hujjatlarni tegishli tartibda rasmiylashtirmasdan, oʻzboshimchalik bilan tabiiy gazga noqonuniy ulangan. Natijada 47,643 ming metr kub tabiiy gaz sarflab yuborilgan. Tabiiy gazni oʻgʻirlash holati boʻyicha yetkazilgan zarar miqdori esa 18,104 mln soʻmni tashkil etadi.

Reyd tadbirlari davomida Zarafshon shahridagi “Nurli diyor parranda” MCHJga qarashli issiqxonada tabiiy gazga noqonuniy ulanish oqibatida 6,4 ming metr kub, Karmana tumanidagi “Qiziltepa hamkor Osiyo” MCHJga qarashli issiqxonada esa 109,576 ming metr kub gaz talon-taroj qilingani fosh etildi. 

Yuqorida qayd etilgan holatlar boʻyicha barcha materiallar tegishli tartibda huquqni muhofaza qilish idoralariga topshirildi. Ayni paytda viloyatning barcha hududlarida shu kabi boshqa holatlarni aniqlash boʻyicha oʻrganishlar davom etmoqda.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер