Navoiy viloyatida mansab vakolati doirasidan chetga chiqish kuzatilmagan, biroq haqorat qilish ikki baravar oshgan
Foto: Xalq so‘zi
Navoiy viloyat sudida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida odil sudlovni amalga oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida joriy yilning 9 oyida amalga oshirilgan ishlar ochiqlandi.
Anjumanda koʻp bor ishlatilgan “oshdi”, “kamaydi” iboralariga shunchaki loqayd qarab boʻlmaydi. Misol uchun, oʻtgan yilning mos davri bilan solishtirganda Navoiy viloyatida jinoyat ishlari 46,4, shaxslar soni esa 50 foizga oshgan. Achinarlisi, ayollarga nisbatan jinoyat ishi soni 108,4, shaxs soni 83,5 foizga koʻpaygan. Sudlar tomonida mazmunan koʻrib chiqilgan jinoyat ishlarida voyaga yetmagan shaxslar soni 80,8, ishlar soni 79,3 foizga ortgan. Bunday noxush holatni 60 yoshdan yuqori yoshdagilar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarda ham kuzatish mumkin.
Albatta, har bir jinoyatga jazo muqarrarligi taʼminlanib, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar qonun ustuvorligini kafolatlashda bel bogʻlab xizmat qilyapti, desak, mana bu raqamlar biroz oʻyga toldiradi. Yaʼni hisobot davrida Navoiy viloyat sudlari tomonidan koʻrib tamomlangan ishlar yuzasidan jami 284 nafar shaxsga nisbatan 173 ta jinoyat ishi boʻyicha dastlabki ayblovda qoʻyilgan ayblar oʻzgartirilib, qayta malakalangan holda sudning yakuniy qarorlari chiqarilgan (ayblov oʻzgartirilgan jinoyat ishlari soni 85 taga yoki 96,5 foizga oshgan).

Jumladan, 55 ta jinoyat ishi boʻyicha moddalar ayblovdan toʻliq, 32 ta jinoyat ishi boʻyicha esa modda bandlari chiqarilgan.
45 ta jinoyat ishi boʻyicha boshqa moddalarga malakalanib, 74 ta jinoyat ishi boʻyicha moddaning boshqa qismiga malakalangan.
— Ayblov oʻzgartirilgan ishlardan 40 tasi prokuratura organlari tomonidan, 131 tasi ichki ishlar organlarining tergov boʻlimlari tomonidan tergov qilingan ishlar hisobiga toʻgʻri kelmoqda, — deydi Navoiy viloyat sudining jamoatchilik va OAV bilan aloqalari boʻlimi boshligʻi Azamat Botirov. — Shuningdek, joriy yil 9 oyi davomida jami 5 ta jinoyat ishi boʻyicha 15 nafar shaxs sudlar tomonidan oqlangan boʻlib, shundan 7 nafar shaxs birinchi instansiya sudlari tomonidan, 8 nafar shaxs viloyat sudining apellyatsiya instansiyasi tomonidan oqlandi.
Ijobiy koʻrsatkichlarga toʻxtaladigan boʻlsak, viloyatda hisobot davrida qasddan odam oʻldirish 100, qasddan badanga shikast yetkazish 6,5 foizga, mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish esa 20,5 foizga kamaygan. Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish sodir etilmagan. Biroq haqorat qilish qariyb ikki baravarga oshgan.
— Prezidentimizning jinoyat sodir etgan shaxsni faqat jazolash emas, balki jinoyatlarning kelib chiqish sabablarini oʻrganish, har bir jinoyat tafsilotlarini profilaktika inspektorlari, mahalla va jamoatchilik ishtirokida chuqur tahlil qilish lozimligi hamda ishlarning kamida 30 foizini sayyor sud majlislarida, xalq orasida koʻrish haqida bergan tavsiyalari har bir sudyaning diqqat markazida boʻlib, sudlar faoliyatida bu masalada ham ijobiy oʻzgarishlar roʻy berdi, — deydi Navoiy viloyat sudi raisi Hamidulla Qudratov. — Xususan, joriy yilning oʻtgan 9 oyida jami 1 ming 224 ta jinoyat ishidan 592 tasi yoki 48,3 foizi sayyor sud majlislarida koʻrib chiqildi. Ushbu davrda jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilish toʻgʻrisida 970 ta yoki 79,2 foiz ishlar boʻyicha xususiy ajrimlar chiqarilib, tegishli korxona va tashkilotlar, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlariga muhokama uchun yuborildi.
Matbuot anjumanida maʼmuriy, fuqarolik hamda iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlar rahbarlarining ham hisobotlari tinglanib, OAV vakillari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring