Navoiy shahrida “Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi”

12:12 12 Sentyabr 2025 Jamiyat
249 0

Navoiy shahrida oʻz ishini boshlagan “Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi”da 235 ta togʻ-kon metallurgiyasi, elektrotexnika, elektr energetikasi, kimyo sanoati va qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar oʻzlarining 3000 ga yaqin mahsulotlari namunalari, oʻzlashtirilishi rejalashtirilgan import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar, sanoat kooperatsiyasi orqali mahalliylashtirishga taklif qilinayotgan mahsulot turlari hamda istiqbolli loyihalari bilan qatnashmoqda.

Yarmarkaning ochilish tantanalarida Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov Prezidentimizning bevosita tashabbusi va tegishli qarorlariga asosan mamlakatimizda yangi turdagi mahsulotlarni mahalliylashtirish va korxonalar oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini kengaytirish, import hajmini optimallashtirish yuzasidan olib borilayotgan ishlarga Navoiy viloyati misolida eʼtibor qaratdi.

Taʼkidlanishicha, bugungi kunda viloyatda 3000 dan ortiq sanoat korxonasi hamda 290 ga yaqin xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxona faoliyat koʻrsatmoqda. Ular tomonidan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2024-yilda 145,6 trillion soʻmni tashkil etgan boʻlsa, joriy yil yakuni bilan bu koʻrsatkich 170,1 trillion soʻmga (130 foiz oʻsish) yetkazilishi rejalashtirilmoqda.

— Mahalliylashtirish dasturi doirasida ham 2023-yilda 1 trillion 295 mlrd soʻmlik va 2024-yil yakuni bilan 2 trillion 102 mlrd soʻmlik mahsulot ishlab chiqarildi va oldingi yilga nisbatan 1,5 barobarga oshirildi, — deydi N. Tursunov. — Joriy yil yakunida esa 155 turdagi mahsulot mahalliylashtirilishi hisobiga 2,5 trillion soʻmlik import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, viloyatdagi sanoat korxonalarining oʻzaro kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish yuzasidan olib borilgan saʼy-harakatlari hamda “shatakka olish” mexanizmi boʻyicha tarmoq korxonalar tomonidan kichik korxonalar qoʻllab-quvvatlanayotganligi hisobiga, 2024-yilda shatakka olingan va tarmoq korxonalar oʻrtasida qoʻshimcha 910 mlrd soʻmlik mahsulotlar savdosi amalga oshirildi. Joriy yil yakuni hamda 2026-yilda rejalashtirilgan ishlarimizni toʻliq amalga oshirish hisobiga hududiy mahalliylashtirilgan mahsulotlar hajmini oʻtgan yilga nisbatan 2,5 barobarga, oʻzaro kooperatsiya aloqalari hisobiga tovarlar sotilishini 2 barobarga va sanoat mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini 30 foizga koʻpaytirishni belgilab olganmiz.

Taʼkidlash joiz, ikki kun ish olib boradigan yarmarkada sanoat mahsulotlari koʻrgazmalari, elektron kooperatsiya birjasi portali faoliyati, sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash va rivojlantirish, kichik biznes subyektlarini sanoat faoliyatiga keng jalb qilish, investitsion imkoniyatlar, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda tarmoq va hududlarda sanoat salohiyatini oshirishga qaratilgan taqdimotlar, V2V (“BiTuBi”) uchrashuvlar kabi tadbirlar ham oʻtkaziladi.

Eng muhimi, yarmarkada sanoat tarmoqlari, kichik biznes subyektlari ishlab chiqarilayotgan mahalliy mahsulotlarni xarid qilish hamda butlovchi qismlar, materiallar va xom-ashyolarni yetkazib berish boʻyicha shartnomalar tuzish imkoniyatiga ega boʻlishadi

Temur ESHBOYEV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер