Navbatdagi chora-tadbirlar: Soliq maslahatchilarining vakolatlari kengaydi
Soliq maslahati xizmatlar sohasidagi yangi va muhim yoʻnalishlardan biri boʻlib, bugungi kunda mamlakatimiz soliq tizimida uning ahamiyati tobora oshib bormoqda. Zero, soliq maslahatining rivojlanib borishi kelgusida soliq xizmatiga keladigan toʻlovlarni yana-da optimallashtirish imkoniyatini yaratadi.
Soliq maslahati deganda soliqlar va soliqqa tortish masalalari yuzasidan koʻrsatiladigan professional yuridik xizmatlar majmui tushunilib, ularning asosiy maqsadi tashkilot tomonidan soliq toʻlovlarining amalga oshirilishini oʻrganish va birlamchi hujjatlarning zarur darajadagi sifatini taʼminlashdan iboratdir.
Xorijiy davlatlar tajribasi shuni koʻrsatmoqdaki, bugungi kunda soliq maslahati xizmatlari koʻrsatadigan konsalting kompaniyalari oʻz mijozlarining doimiy hamrohlariga aylanib bormoqda. Mamlakatimizda esa soliq maslahati xizmatlari Oʻzbekiston Respublikasining “Soliq maslahati toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilinganidan soʻng rivojlana boshladi.
Joriy yilning 30-sentyabr kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Soliq maslahati sohasini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror oʻz vaqtida qabul qilingani bilan gʻoyat ahamiyatlidir.
Inchunun, mazkur qaror bilan soliq maslahatchilari tashkilotlariga davlat soliq va bojxona xizmati organlari bilan munosabatlarda soliq toʻlovchining manfaatlarini ifodalash, davlat soliq xizmati organlarining talabnomalarida koʻrsatilgan, aniqlangan tafovutlarning asosnomasi sifatida xulosalarni soliq toʻlovchi nomidan davlat soliq xizmati organiga taqdim etish boʻyicha qoʻshimcha huquqlar berildi.
2021-yil 1-yanvardan boshlab esa Moliya vazirligining soliq maslahatchisining malaka sertifikatini olish uchun malaka imtihonlarini oʻtkazish, soliq maslahatchilarini oʻqitish va ularning malakasini oshirish dasturlarini tasdiqlash hamda soliq maslahatchilarining reyestrini yuritish kabi bir qator funksiyalari Oʻzbekiston Soliq maslahatchilari palatasiga oʻtkaziladi.
Moliya vazirligi oʻz navbatida, soliq maslahatchilarini tayyorlash kurslarini, shu jumladan, masofadan oʻqitish shaklida tashkil etish, shuningdek, soliq maslahatchilarining malaka imtihonlarini tayyorlash va oʻtkazishga koʻmaklashadi. Idoraning rasmiy saytida soliq maslahatchilari reyestri joylashtiriladi va muntazam ravishda yangilab boriladi.
Qarorda belgilab qoʻyilganidek, soliq maslahatchisi advokatlik tuzilmalari, auditorlik tashkilotlari, shuningdek, buxgalteriya hisobini yuritish boʻyicha xizmatlarni koʻrsatuvchi boshqa yuridik shaxslarning shtatida mehnat faoliyatini olib borgan taqdirda, soliq maslahati boʻyicha faoliyatda uch yil mobaynida ishtirok etmaganligi uchun uning malaka sertifikati amal qilishini tugatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Bu hali hammasi emas. Ushbu hujjat bilan soliq maslahatchilariga sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlarida soliq solish, soliq organlarining hujjatlari, mansabdor shaxslarning harakatlari va (yoki) harakatsizligi ustidan shikoyat qilish bilan bogʻliq ishlarni koʻrib chiqishda hisoblash texnikasi va aloqa vositalari, audio va video yozish qurilmalaridan foydalanish huquqi ham berildi.
Davlatimiz rahbarining mazkur qaroriga asosan Moliya vazirligiga 2021-yil 1-aprelga qadar “Soliq maslahati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini yangi tahrirda ishlab chiqish vazifasi ham yuklatildiki, bu oʻz navbatida, soliq maslahati sohasini oʻzini oʻzi boshqarishning asosiy qoidalarini belgilaydi va samarali faoliyat koʻrsatadigan soliq maslahatchilari institutini shakllantirishga imkon beradi.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, bugun mamlakatimizda soliq maslahatini rivojlantirish va bu boradagi xizmatlar sifatini oshirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Mazkur qarorning ijrosi shubhasiz, soliq maslahatchilarini tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yana-da takomillashtirishga xizmat qiladi.
Aktam XAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o'rinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring