Navalniy koma holatida. Shtab Kremldan yordam soʻradi

23:03 20 Avgust 2020 Dunyo
1016 0

Aleksey Navalniy shtabi siyosatchini xorijdagi shifoxonaga joʻnatish uchun yordam soʻrab Kremlga murojaat qildi. Bu haqda “Vrachlar alyansi” raisi, Navalniyni davolayotgan shifokor Anastasiya Vasileva maʼlum qildi.

«Biz Navalniyni Yevropadagi yetakchi toksikologiya markaziga oʻtkazish uchun tibbiy hujjat taqdim etilishi borasida koʻmak soʻraymiz. BSMP1 bosh vrachi uning xotini, men va Ivan Danovga yoʻllanma berishga rozi boʻlmayapti», — deb yozdi Vasileva “Twitter” sahifasida.

Navalniy asos solgan korrupsiyaga qarshi kurash fondi direktori Ivan Danovning soʻzlariga koʻra, Omskdagi shifoxona shifokorlari siyosatchini boshqa joyga koʻchirishga rozi boʻlmayapti.

“Shifokorlar u boshqa joyga oʻtkaziladigan holatda emas degan fikrda”, — dedi u.

Eslatib oʻtamiz, bugun, 20-avgust kuni samolyotda Tomskdan Moskvaga yoʻl olgan Navalniyning sogʻligi yomonlashdi. Natijada samolyot Omskka qoʻnishga majbur boʻldi, siyosatchi shifoxonaga yotqizildi. U reanimatsiya boʻlimida koma holatida yotibdi. Shifokorlar Navalniyning holatini barqaror ogʻir deb baholamoqda.

Navalniyning shtabi u zaharlangan deb hisoblamoqda. Uning matbuot-kotibi Kira Yarmish siyosatchi faqat choy ichganini, choyga nimadir qoʻshib, Alekseyni zaharlagan boʻlishlari mumkinligini aytdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер