“Nasaf”ning OFK Elit Chempionlar Ligasi 8-turdagi raqibi haqida toʻxtalamiz
16-fevral kuni “Nasaf” klubi OFK Elit Chempionlar Ligasi musobaqasining 8-turi doirasida Birlashgan Arab Amirliklarining “Al Sharja” jamoasi bilan kuch sinashadi.
Keling, ushbu jamoa haqida qisqacha toʻxtalamiz.
“Al Sharja” jamoasi 1966-yilda tashkil topgan boʻlib, 60-yillik tarixga ega. Jamoaga muxlislar tomonidan “The King Sharja” (“Sharja shahrining qirollari”) degan laqab berilgan.
Klub oʻz uy uchrashuvlarini Sharja shahridagi “Sharjah Stadium”da oʻtkazadi. Ushbu maydon 12 mingdan ziyod muxlisni sigʻdira oladi.
Jamoa Birlashgan Arab Amirliklari chempionatining 6 karra gʻolibi, 10 karra Prezident kubogi sohibi va 4 karra mamlakat Superkubogi gʻolibi hisoblanadi. Shuningdek, jamoa oʻtgan mavsum Osiyo Chempionlar Ligasi 2 musobaqasining ham gʻolibiga aylangan.
“Al Sharja” shu vaqtgacha Osiyo futbol konfederatsiyasi tomonidan oʻtkazilgan rasmiy musobaqalarda 62 ta oʻyin oʻtkazgan. Ulardan 26 tasida gʻalaba, 20 tasida magʻlubiyat va 16 tasida durang natija qayd etilgan.
Jamoani ayni paytda 61 yoshli Angola mutaxassisi Xose Morays boshqarmoqda. U oʻz faoliyati davomida “Inter”, “Real Madrid”, “Chelsi” kabi klublarda ishlagan.
Murabbiy “Chonbuk Motors” jamoasi bilan ikki karra Janubiy Koreya chempionligini, “Al Hilol” bilan Saudiya Arabistoni Pro-ligasi gʻolibligini, shuningdek 2023/24-yilgi mavsumda “Sepaxon” klubi bilan Eron Hazfi kubogini qoʻlga kiritgan.
Jamoa tarkibida ayni paytda Maro Katinich, Yu Min Cho, Leandrinyo, Vladimir Priyovich, Feta Fetay, Firas Ben Larbi va Igor Koronado kabi legioner futbolchilar toʻp surmoqda.
Ushbu klub Oʻzbekiston milliy terma jamoasi futbolchilari uchun ham begona emas. Yaqin yillarda “Al Sharja” jamoasi safida Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Otabek Shukurov faoliyat olib borgan.
Eslatib oʻtamiz, OFK Elit Chempionlar Ligasi 8-turidan oʻrin olgan “Al Sharja” — “Nasaf” uchrashuvi bugun Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da start oladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring