Narx-navolar jamoatchilik kuzatuviga olindi
Barchangizga maʼlumki, hukumatimiz tomonidan koronavirus xavfi sababli Respublikamizda karantin eʼlon qilindi. Mazkur holatda fuqarolarimizdan sarosimaga tushmasdan, tibbiyot xodimlari tomonidan berilgan tavsiyalarga qatʼiy amal qilgan holda oʻzlarini va yaqinlarini virusdan himoya qilish choralarini koʻrishlarini soʻraymiz.
Hukumatimiz tomonidan mazkur holatda ayrim noinsof tadbirkorlarning narx-navoni asossiz oshirishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha Bosh prokuratura huzuridagi departament hamda Davlat soliq qoʻmitasiga tegishli chora-tadbirlarni belgilash yuzasidan topshiriq berildi.
Respublikamizda oziq-ovqat va boshqa zaxiralar yetarli darajada gʻamlangan, bu boʻyicha hech qanday sarosimaga oʻrin yoʻq.
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan barcha tuman, shaharlarda narx-navolarni kuzatib boruvchi jamoatchilik ishchi guruhlari shakllantirilib, mazkur ishchi guruhlarga Federatsiyaning 600 nafardan ortiq xodimi jalb qilindi.
ESLATMA: agar Siz ayrim insofsiz tadbirkorlik subyektlari tomonidan narxlarning asossiz oshirilishiga guvohi boʻlsangiz, Davlat soliq qoʻmitasining (71) 244-98-98 “Ishonch telefoni” yoki qisqa “1198” raqamli Sall-markazga, shuningdek, Federatsiyaning “1091” qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qilishingizni soʻraymiz.
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring