Naʼmatak — tabiiy darmondori

16:52 01 Iyun 2021 Jamiyat
5369 0

Bugungi pandemiya davrida organizmimizning turli viruslarga qarshi kurashuvchanligini oshirish — dolzarb masala. Immunitetimizni kuchaytirish uchun esa tabiiy darmondorilarning oʻrnini hech narsa bosa olmaydi.

Naʼmatak ana shunday bebaho oʻsimliklardan biri hisoblanadi. Dala-dashtlarda oʻz holicha oʻsib yotadigan ushbu noyob butaga koʻp ham eʼtibor beravermaymiz. U oʻziga gullab, meva berib, toʻkilib ketadi gohida. Aslida, ushbu tabiat neʼmati turli-tuman biologik faol moddalarning xazinasidir. Ular vitaminlar kompleksiga boy.

“Asoratsiz dori-darmonlar” kitobida keltirilishicha, naʼmatak mevasining asosiy taʼsir etuvchi birikmalari vitaminlar kompleksi (C, B2, K1 va R vitaminlari, karotin), ayniqsa, C va karantin hisoblanadi.

— Xalq tabobatida mevasi qaynatmasi yoki damlamasi oʻt haydovchi, qon oqishini toʻxtatuvchi, isitmani tushiruvchi dori sifatida ishlatiladi, — deydi terapevt Zahro Hakimova. — Uyda ham tayyorlashning imkoni boʻlgan ushbu shifobaxsh mahsulot jigar, oʻt pufagi, meda-ichak kasalliklari, xususan, ich ketishda samaralidir. Ogʻiz boʻshligʻi kasalliklarida, masalan, milk yalligʻlanganda va undan qon oqqanda naʼmatak mevasi qaynatmasi yoki damlamasi bilan chayqash foyda beradi.

Tibbiyotda naʼmatak mevasining kukuni, damlamasi, suyuq ekstrakti va sharbati turli avitaminoz kasalliklarini davolash hamda ularning oldini olishda qoʻllaniladi.

Ushbu dorivor oʻsimlikdan farmatsevtika zavodida ekstrakt-xolasas tayyorlanadi. Xolasas bilan jigar va oʻt pufagi kasalliklari (gepatit, xolesistit) davolanadi. Flakonda (300 ml.) chiqariladi. 1 choy qoshiqdan kuniga 2-3-marta ichiladi.

Naʼmatak mevasi vitaminli oʻt haydovchi va boshqa yigʻma choylar tarkibiga kiradi. Shunday ekan, uni avaylab terib, quritib, olib qoʻysangiz, zarar qilmaydi.

Nigora TOJIBOYEVA,

Oʻzbekiston jahon tillari universiteti talabasi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер