Namanganlik tadbirkor yangi Jentra pulini xayriya jamg‘armasiga topshirdi
Foto; Qudratilla Najmiddinov / “Xalq so‘zi”
Namangan shahrida faoliyat yuritayotgan “Saxovat-Namangan” xayriya jamoat fondining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakillarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ezgu ishlari ko‘plab xonadonlarga quvonch olib kirmoqda. Keyingi paytlarda jamg‘arma tomonidan 600 ga yaqin moddiy ko‘makka muhtoj oilalar kafillikka olinib, 1500 dan ziyod ota-onasiz bolalarga doimiy yordam ko‘rsatilmoqda. Viloyat markazining “Yuksalish” dahasida boquvchisini yo‘qotgan oilalar uchun 132 xonadonga ega uch qavatli turar joy binosi barpo etishga kirishilgani yana bir katta savob ish bo‘ldi.
- Ayni paytda qurilishi nihoyasiga yetkazilayotgan binoni tiklashga yuzlab saxovatli insonlar bosh qo‘shayotir, - deydi xayriya jamoat fondi boshqaruvi aʼzosi Maʼrufxon Mo‘minov. – Kimdir mablag‘, boshqa birov qurilish materiali, yana kimdir mehnati bilan ko‘maklashmoqda. Bir tadbirkor hamyurtimiz esa o‘zining yangi Jentra avtomashinasini sotib, pulini to‘lig‘icha xayrli maqsad uchun topshirdi.
Xayriya jamoat fondi ushbu turar joy binosini yaqin vaqt ichida bitkazish harakatida. Barcha qulayliklarga ega shinam xonadonlarni muhtoj oilalarga Yangi yil bayrami sovg‘asi sifatida bepul taqdim etish rejalashtirilgan.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq so‘zi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring