Namanganlik tadbirkor Qirgʻizistonning Jalolobod viloyatida tekstil fabrikasi quradigan boʻldi
Shu kunlarda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi delegatsiya Qirgʻiziston Respublikasining Jalolobod viloyatida boʻlib turibdi. Har ikki viloyat oʻrtasidagi madaniy-iqtisodiy hamkorlik aloqalarini yana-da mustahkamlash maqsadida amalga oshirilayotgan safar doirasida barcha jabhalarda doʻstona qoʻshnichilik tamoyiliga asoslangan oʻzar teng hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan uchrashuv va muloqotlar oʻtkazilmoqda. Kecha delegatsiya aʼzolari Jaloloboddagi bir qator ishlab chiqarish korxonalarida boʻldilar.
Aytish kerakki, Namangan va Jalolobod ishbilarmon doiralari vakillari muloqotlarida iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish yuzasidan bir qator amaliy takliflar oʻrtaga tashlanmoqda. Oʻzining yuqori sifatli mahsulotlari bilan xalqaro bozorda oʻrin olgan “Art soft holding” kompaniyasining qoʻshni mamlakatda tekstil fabrikasini barpo etish yuzasidan boshlagan loyihasi shular jumlasidan.
— Jalolobodda qurilajak korxonada paxtadan ip yigirish orqali yarim tayyor mahsulot ishlab chiqarish va undan momiq sochiqlar ishlab chiqarish koʻzda tutilgan, -deydi kompaniya taʼsischisi Gʻiyosiddin Boboxonov. – Kelgusi yilning uchinchi choragida foydalanishga topshiriladigan fabrikada yiliga 5400 tonna kalava ip va 3600 tonna momiq sochiqlar tayyorlashga moʻljallangan quvvatlar barpo etiladi. Bu bilan 450 kishi uchun mehnat oʻrinlari yuzaga keladi.
Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring