Namangandagi novvoyxonada 273 mln soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi
Foto: Prokratura departamenti
Namangan viloyatida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Namangan shahri boʻlimi tomonidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilgan. Unda “O-N.” oilaviy korxonasi rahbari M.O. korxona novvoyxonasida umumiy foydalanishdagi tabiiy gaz tarmogʻiga yashirincha ulanib, 273,3 mln soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Uychi va Toʻraqoʻrgʻon tumani boʻlimlari tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda ushbu tumanlarda faoliyat yurituvchi “Z.Q.” va “S.O.” MCHJ masʼul shaxslari hamda YATT M.A. ishlab chiqarish sexlarida umumiy foydalanishdagi elektr tarmoqlariga oʻzboshimchalik bilan ulanib, jami 161,3 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring