Namanganda voyaga yetmagan qizning jasadi “Katta Namangan” kanalidan topildi. Qizni kelinoyisi suvga itarib yuborgan
Namangan viloyat prokuraturasi xabariga koʻra, 2021-yil 5-aprel kuni soat 19:00da Namangan shahar, Sohil MFY, Bodomzor koʻchasida yashovchi S.A.Mamadaliyev tuman prokurori nomiga ariza bilan murojaat qilgan.
Fuqaro oʻz arizasida Chortoq tumani, Bagʻrikenglik MFY, Olmazor koʻchasi, 88-uyda onasi Mamadaliyeva Nasiba qaramogʻida boʻlgan voyaga yetmagan farzandi Asatillayeva Maʼrifat Solijon qizi shu kuni ertalab Chortoq tuman XTBga qarashli 47-sonli umumtaʼlim maktabiga ketib, qaytib kelmasdan bedarak yoʻqolganligini maʼlum qilib, qizini topishda amaliy yordam berishni soʻragan.
Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari oʻtkazilib, voyaga yetmagan M.Asatillayevaning yashash xonadoni koʻzdan kechirilib, tegishli protsessual hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Shundan soʻng, voyaga yetmagan M.S.Asatullayevaning shubhali bedarak yoʻqolishida uni qotillik jinoyati qurboni boʻlgan boʻlishi mumkinligini nazarda tutib, 06.04.2021-yilda tuman prokuraturasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida 06.04.2021-yilda voyaga yetmagan M.Asatullayevaning jasadi Namangan shahar, Sherbuloq MFY, Sherbuloq koʻchasidan oqib oʻtgan “Katta Namangan” kanali ustidan oʻtgan koʻprik ostining suv oqimi past boʻlgan qismidan tashqi tan jarohatlarsiz topilgan.
Jinoyat ishi boʻyicha olib borilgan tergov harakatlari davomida, voyaga yetmagan M.S.Asatullayevani 2021-yil 5-aprel kuni soat 10:30da kelinoyisi 1999-yilda tugʻilgan Qodirjonova Feruza Komiljon qizi maktabdan olib chiqib ketganligi va Chortoq tumani, A.Navoiy MFY, M.Ulugʻbek koʻchasidan oqib oʻtgan “Katta Namangan kanali”ga olib borib, suvga itarib yuborganligi aniqlangan.
Shunga koʻra, fuqaro F.K.Qodirjonova 06.04.2021-yilda jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.
Hozirda, dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring