Namanganda mediadepartament tashkil etildi
Viloyat hokimining qarori bilan faoliyat boshlagan “Namangan viloyati salohiyatini targʻib etish Media departamenti” davlat muassasasi shaklida ish olib boradi. Media makon subyektlarining faoliyati uchun maksimal darajada qulay sharoit yaratish, davlat va jamiyat oʻrtasida sifatli muloqotni yoʻlga qoʻyish, hududda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida tezkor, xolis va toʻliq axborot yetkazish, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati shaffofligini taʼminlash, axborot xizmatlari va ommaviy axborot vositalari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish vazifalarini koʻzda tutgan yangi muassasa oʻz atrofiga tajribali mutaxassislarni birlashtirgan. Unga viloyat markazidagi zamonaviy binodan joy ajratilgan boʻlib, medimateriallar tayyorlash va tarqatishning ilgʻor texnologiyasi bilan jihozlanadi.
Dastlabki bosqichda “Namangan xabarlari” telegramm kanalini tashkil etgan Media departament yaqin vaqt ichida oʻzining veb- saytini ochib, maxsus axborot agentligi, teleradiokanal va ijtimoiy tarmoq sahifalarini ishga tushirishni rejalashtirgan.
Bundan tashqari muassasa tarkibida ish yuritadigan Media schoolda internet, foto va telejurnalistika boʻyicha malakali kadrlar, efir orti texnik xodimlari, mediamenejer, imidjmeyker boʻyicha mutaxassislar tayyorlanadi.
Qudratilla NAJMIDDINOV
(“Xalq soʻzi”)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring