Namanganda mahalliy hokimlarning 77 ta qarori sudlar tomonidan bekor qilindi

11:28 01 Noyabr 2021 Jamiyat
1271 0

Bu haqida Namangan viloyat sudlari faoliyatining joriy yil to‘qqiz oyi yakunlari bo‘yicha tashkil etilgan matbuot anjumanida alohida taʼkidlab o‘tildi.

Chunonchi, Namangan viloyat va tumanlararo maʼmuriy sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan  785 ta ish orasida mahalliy hokimliklarning qarorlarini haqiqiy emas va ular mansabdor shaxslarining harakati (harakatsizligi)ni qonunga xilof deb topish bilan bog‘liq ommaviy nizolar 276 tani tashkil etgan. Sud majlislari jarayonida hokim qarorlarini haqiqiy emas deb topish bilan bog‘liq 246 ta ishning 77 tasi qanoatlantirilgan. Bekor qilingan qarorlarning 56 tasi Namangan shahriga to‘g‘ri keladi. Pop, Kosonsoy, Chust tumanlarida 7-8 tadan bor. Nizolarning asosiy qismi yer ajratish, yerlarni zaxiraga qaytarib olish masalalari bilan bog‘liq bo‘lib, ayniqsa,  yer ajratish borasidagi qarorlarni tayyorlashda shoshma-shosharlik, belgilangan tartiblarni chetlab o‘tish holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan. Baʼzan esa ularni qabul qilishda manfaatlar to‘qnashuvi aralashganini ham inkor etib bo‘lmaydi.  Aslida bunday hujjatlar loyihasi tegishli hokimiyat huquqshunosi chuqur o‘rganib chiqqanidan so‘ng hokim tasdig‘iga  kiritiladi. Amalda esa joylarda ularning maʼlum bir qismi huquqshunos xulosasi bo‘lmay turib imzolanayotgani ham kuzatiladi.

Hokimlik mansabdor shaxslari harakati (harakatsizligi)ni qonunga xilof deb topish bilan bog‘liq  30 ta maʼmuriy ishning 11 tasi tasdig‘ini topgani ham taassuflidir. Xususan, tegishli mutasaddilarning masʼuliyatsizligi tufayli murojaatlarni puxta o‘rganmaslik, baʼzida esa ijro muddatlari cho‘zib yuborilishi natijasida fuqarolar va yuridik shaxslar huquqi buzilishiga yo‘l qo‘yilgan.

Ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlar vakillari ishtirok etgan anjumanda Namangan viloyat sudi raisi Abdurasul Eronov so‘nggi to‘qqiz oy mobaynidagi sudlar faoliyatini tahlil qilar ekan, ko‘rib chiqilgan ishlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb ikki baravar oshganiga urg‘u berdi. Uychi tumanida ular  uch baravardan ko‘proq ortgani tashvishli. O‘g‘rilik, firibgarlik, harakat xavfsizligi, davlat mablag‘larini o‘zlashtirish holatlarining ortishi joylarda huquqbuzarlik profilaktikasini kuchaytirishni taqozo etadi.

Matbuot anjumanida sudlar tomonidan insonparvarlik tamoyillari, shuningdek, yarashtiruv instituti imkoniyatlarini qo‘llagan holda ko‘plab shaxslarga nisbatan jazoni yengillatish, muddatini qisqartirish, butunlay ozod etish bilan bog‘liq amaliyotlar qo‘llanilgani haqida ham batafsil axborot berildi. 

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер