Namanganda “Keksalar turizm oyligi” muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda
Foto: “Xalq soʻzi”
Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashabbusi bilan yurtimizda 1-noyabrdan 30-noyabrga qadar “Keksalar uchun turizm oyligi” oʻtkazilmoqda.
Mazkur xayrli loyiha orqali oʻzgalar parvarishiga muhtoj, yakka yolgʻiz yashovchi fuqarolar hamda ijtimoiy himoyaga olingan nogironligi boʻlgan shaxslar uchun agentlikning Namangan viloyat boshqarmasi tomonidan ham diqqatga sazovor manzillarga sayohatlar tashkil etilmoqda. Kuni kecha Chortoq, Davlatobod, Pop, Chust, Kosonsoy tumanlarida istiqomat qiluvchi 130 nafar fuqaro Chortoq tumanidagi “Bibi Naima” va “Sulton Uvays Qaroniy” majmualariga tashrif buyurishdi.

Uzoq yillik tarixga ega “Sulton Uvays Qaroniy” majmuasi oʻzining ramziy darvozasi, mahobatli maqbara, masjid, muzey, kungurador ayvon va kutubxonasi bilan kishini jalb etadi. Uning muzeyida saqlanayotgan hajm jihatdan Oʻzbekiston musulmonlari idorasidagi Qurʼoni Usmoniydan keyin ikkinchi oʻrinda turuvchi Qurʼoni Karimning qoʻlyozma nusxasi ayniqsa, eʼtiborni tortadi. Sayohatga kelgan otaxon va onaxonlar tabarruk maskan bilan tanishuvdan unutilmas taassurot oldilar. Shu kuni Chortoq tumanida tashkil etilgan tushlik, 14- bolalar musiqa va sanʼat maktabi oʻquvchilari ijrosidagi “Bir zamon – bir Vatan farzandlarimiz” madaniy-maʼrifiy dasturi mehmonlarga yaxshi kayfiyat bagʻishladi.

— Uyda oʻtirib qolgan ekanmiz, bugungi sayohatdan koʻngillaringiz yayradi, — deydi quvonchi ichiga sigʻmay turgan Bashorat ona Mahmudova. — Viloyatimizda bu singari obod ziyoratgohlarga biz singari nuroniylarning tashkiliy ravishda olib kelinayotgani yana ham yaxshi.
“Keksalar turizm oyligi” doirasidagi mazmunli sayohatlar viloyatdagi “Axsikent” tarixiy yodgorligi, Isʼhoqxon Ibrat majmuasi, “Baliqlikoʻl” ziyoratgohi singari manzillarga ham tashkil etilmoqda. Hozirga qadar uch mingdan ziyod nuroniylar, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami vakillari mazkur yoʻnalishlarda madaniy hordiq chiqarish imkoniyatidan bahramand boʻldilar.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring