Namanganda IT xizmatlari eksporti oshmoqda
Foto: Халқ сўзи
Namangan viloyat hokimligi huzuridagi Media departamentining “Munozara” platformasida yoshlar bilan uchrashgan Elektron hokimiyatni rivojlantirish markazi rahbari Baxtiyor Axunbabayev bu haqida maʼlum qildi. Axborot texnologiyalari, arxitektura, grafik dizayn va ingliz tilini chuqurlashtirilgan tarzda oʻrganayotgan yigit-qizlarga sohadagi boshqa yangiliklar xususida ham batafsil tushuncha berildi.
Taʼkidlanganidek, 2021-yilda Toshkent shahri, Namangan va Samarqand viloyatlari IT xizmatlar eksporti boʻyicha respublikada eng yaxshi natija koʻrsatgan hududlar maqomiga ega boʻldi. Jumladan, Namangan viloyati IT-Park rezidentlari hisoblangan EuroSoft va Site Labs kompaniyalari eksport hajmi bir million dollarni tashkil etdi.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, Namangan viloyatida mazkur zamonaviy soha yangi pogʻonaga chiqmoqda. Tez kunlarda Namangan shahri va Pop tumanida viloyatdagi ilk BPO markazlar ham oʻz faoliyatini boshlaydi. Bu oʻz navbatida xizmatlar eksportini ikki barobarga oshirish va yuzlab yoshlarni daromadli ish bilan band etishga xizmat qiladi.
BPO — bu inglizcha Business Processing Outsourcing soʻzlarining abbreviaturasi boʻlib, bunday tashkilot mukammal dasturiy taʼminot, kommunikatsiya va kommunikabellikni uygʻunlashtirgan holda xizmat eksportini amalga oshiradi. Namanganda tashkil etiladigan BPO markazlar Amerikaning Jet Ruck hamda RevoTech kompaniyalariga xizmatlar eksportini amalga oshirishi moʻljallangan.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring