Namanganda Hindiston madaniyati haftaligi oʻtkaziladi
Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Namanganda viloyat ahli, butun Oʻzbekiston intiqib kutayotgan Xalqaro gullar festivaliga hozirlik ishlar yakunlovchi pallaga kirdi. 19-mayda boshlanib, 23-iyunga qadar davom etadigan goʻzallik va nafosat bayramida jahonning bir qator mamlakatlari, xususan, Hindiston, Xitoy, Gollandiya, Turkiya, Ozarbayjon, Yaponiya va Koreya davlatlari oʻz gulchilari, gullardan bezatilgan maydonlari bilan ishtirok etish istagini bildirishgan. Ular ishtirokida madaniy tadbirlar ham oʻtkaziladi.
Oʻtgan kuni Toshkentdagi Lal Bahodur Shastri nomli hind madaniyat markazi rahbari Sitesh Kumar boshchiligida Hindiston rasmiylari vakillaridan iborat delegatsiya Namanganda boʻldi. Mehmonlar bayramga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishib, festival doirasida hamkorlikda oʻtkaziladigan tadbirlar boʻyicha mahalliy tashkilotchilar bilan maslahatlashib oldilar. Unga koʻra, 1—7-iyun kunlariga Hind madaniyati haftaligini oʻtkazish belgilandi.

— Doʻst mamlakat vakillari haftalik davomida Zahiriddin Muhammad Bobur nomli istirohat bogʻida oʻz gul koʻrgazmalarini tashkil etadilar, — deydi Namangan viloyati hokimining oʻrinbosari Botirjon Nuriddinov. — Bundan tashqari hind sanʼatkorlarining chiqishlari, madaniy-maʼrifiy yoʻnalishdagi tadbirlar, boshqa koʻngilochar tomoshalar uyushtiriladi.
Gullar shahrida oltmish uchinchi bor nishonlanadigan va yetti millionga yaqin nafosat ishtiyoqmandlari tashrifi kutilayotgan anjuman dasturidan yapon va koreys sanʼatkorlarining chiqishlari ham oʻrin olgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring